O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xizmat ko‘rsatish sohasi, xususan, umumiy ovqatlanish va tovarlarni yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar faoliyati rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Eng yuqori konstruktiv tezligi soatiga 50 kilometrdan, ish hajmi 50 sm3 dan oshmaydigan ichki yonuv dvigateliga ega bo‘lgan yoki nominal (belgilangan) quvvati 0,25 kilovattdan ortiq va 4 kilovattdan kam bo‘lgan elektr dvigatelli ikki yoki uch g‘ildirakli transport vositalari, shu jumladan, xuddi shunday tavsiflarga ega bo‘lgan moped, kvadritsikl (kvadrotsikl), tritsikl, skuter hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishga moslashtirilgan boshqa mexanik moslamalarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi shartligi to‘g‘risidagi talab 2024 yil 1 yanvarga qadar to‘xtatib turilsin.
Bunda, mazkur bandda ko‘rsatilgan transport vositalarida harakatlanayotgan shaxslar motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari zarurligi belgilab qo‘yilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ‒4742-son qaroriga ilovaning 23-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish (yuk tashish bundan mustasno)”.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 11 may