O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i
Jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish, buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdilardan meros bo‘lib qolgan kamondan otish an’analari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, milliy sport turlarini ko‘paytirish, kamondan otish sport turi bo‘yicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar kamondan otish sport turini yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
professional sportchilar, malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda ularni kasbiy rivojlantirish, o‘quv-mashg‘ulotlar jarayoniga ilg‘or ilmiy-innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
ushbu sport turi bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish hamda zamonaviy sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan ta’minlash, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan parakamondan otish sport turi bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalar, turnirlar va jahon chempionatlarida doimiy va munosib ishtirokini ta’minlash;
respublika va xalqaro musobaqalar, turnirlarni hamda jahon chempionatlarini doimiy ravishda tashkil etish va o‘tkazish, mamlakatimizning reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, o‘qlar, to‘siqlar hamda sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini ishlab chiqarishni tashkil etish;
kamondan otishni milliy sport turi sifatida keng yoritish hamda targ‘ib qilish ishlarini tashkillashtirish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish.
2. Turizm va sport vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining:
har bir bolalar-o‘smirlar sport maktabida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda) mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, kamondan otish seksiya va bo‘limlarini tashkil etish;
har bir olimpiya zaxiralari kollejida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan kollejlarda) kamondan otish bo‘limlarini ochish;
2022/2023 o‘quv yiliдaн boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish ta’lim yo‘nalishini ochish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi bilan birgalikda:
2021 yil 1 sentyabrga qadar bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarini zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan ta’minlasin va ushbu maqsadlarga Turizm va sport vazirligiga hamda uning tizimidagi sport ta’limi muassasalariga byudjetdan 2021 yil uchun ajratilgan mablag‘larning iqtisod qilingan qismidan zarur mablag‘lar yo‘naltirsin;
bir oy muddatda kamondan otish sport turi bo‘yicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda oshirish rejasini tasdiqlasin;
bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari va boshqa sport ta’lim muassasalariga kamondan otish sport turi bo‘yicha yetakchi xorijiy trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilsin hamda tegishli moliyaviy va tashkiliy masalalarni hal etsin.
3. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab kamondan otish sport turi bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimi joriy etilsin. Bunda:
birinchi bosqichda – ta’lim muassasalari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlari va boshqa sport ta’lim muassasalaridan saralangan sportchilar o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
ikkinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘oliblari va sovrindorlari o‘rtasida hududiy musobaqalar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
uchinchi bosqichda – hududiy musobaqalar g‘oliblari va sovrindorlari o‘rtasida respublika musobaqalari o‘tkaziladi.
Turizm va sport vazirligi (A.Karimov), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimini tegishli hududlarda to‘liq joriy qilish yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin.
4. Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab har yili an’anaviy tarzda kamondan otish sport turi bo‘yicha:
Toshkent shahriдa “Alpomish va Barchinoy” xalqaro turnirini tashkil etish;
Samarqand shahriдa ayollar o‘rtasida “To‘maris kubogi” xalqaro turnirini o‘tkazish;
mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini yanada keng namoyon etish hamda ushbu sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida Buxoro, Qo‘qon, Samarqand va Xiva shaharlarida “Turizm va kamondan otish haftaligi”ni tashkil etish va uning doirasida keng sayyohlar oqimini jalb qilgan holda kamondan otish bo‘yicha sportchilar va sayyohlar o‘rtasida turnirlar, mahorat darslari hamda uchrashuvlar, turistik salohiyat aks etgan sayillar o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.Abduxakimov, O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi:
Toshkent shahar hokimligi va Samarqand viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan xalqaro turnirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha reja-jadvalni tasdiqlasin;
xalqaro turnirlarda mahalliy kamonchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega bo‘lgan kuchli xalqaro kamonchilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini ta’minlasin.
5. 2022-2024 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi bo‘yicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini (keyingi o‘rinlarda – sport bazalari) tashkil etish rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qo‘yilsinki:
a) sport bazalariga metodik ko‘maklashish O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
b) sport bazalari, shu jumladan, quyidagilardan iborat bo‘ladi:
umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, o‘quv mashg‘ulotlari va musobaqalarni o‘tkazish uchun ochiq turdagi sport maydoni va sport zali;
tomoshabinlar uchun tribuna, trenerlar, tibbiyot xodimlari, kiyim almashtirish xonalari, trenajyor zali, sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini saqlash uchun xona.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) Turizm va sport vazirligi (A.Karimov) bilan birgalikda 2022 yil va kelgusi yillarda Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan sport bazalarini qurish uchun markazlashgan kapital qo‘yilmalar limitlari ajratilishini ta’minlasin.
Qurilish vazirligi (K.Tulyaganov) sport bazalarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazishni ta’minlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklansin:
har bir hududning bitta tumani (shahri)ni kamondan otish sport turini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish;
tegishli hududda kamondan otish sport turining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash, sport bazalarini tashkil etish ishlariga yaqindan ko‘maklashish;
2022-2024 yillarda hududlarda sport bazalarini tashkil etish ishlarini Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish;
joylarda kamondan otish sport turini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining hududiy bo‘linmalarini tashkil etish;
O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy bo‘linmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish;
joylardagi rahbar kadrlar orasidan nomzodlarni O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy bo‘linmalarining raisi lavozimiga tavsiya etish.
7. Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Tashqi ishlar vazirligi (A.Kamilov) bilan birgalikda kamondan otish sport turini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:
Butunjahon kamondan otish federatsiyasi hamda Osiyo kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda, ushbu tashkilotlarga a’zolik badallarini to‘lab berish bilan bog‘liq xarajatlar 2022 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Islom Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar (avvalambor Turkiya, Eron, Malayziya) va boshqa mamlakatlar (Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya) bilan birgalikda kamondan otish sport turi bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, musobaqalar va turnirlarni o‘tkazish, tajriba almashish, boshqa qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni o‘rnatsin.
9. Turizm va sport vazirligi (A.Abduxakimov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda 2021 yil 1 нояbргa qadar mamlakatimizda etnosport turlarini (belbog‘li kurash, uloq, ko‘pkari, oshiq o‘yini, qarabtep (lanka) o‘yini, ot poygasi, ko‘k bo‘ru, dorboz, chillak va boshqalar) rivojlantirish va ommalashtirishni, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mazkur qarorga asosan joriy yilda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablag‘larni 2021 yil Davlat byudjetida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida, 2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.
11. Tashqi ishlar vazirligi Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi bo‘yicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirmasdan kirish vizalarining rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
12. Ichki ishlar vazirligi Turizm va sport vazirligi hamda O‘zbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi bo‘yicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalarining berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.
13. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vaziri o‘rinbosari A.Karimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 17 iyun