O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2022 yildagi “ochiq muloqoti”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Belgilansinki, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:

bir eksport shartnomasi doirasida kelib tushmagan valyuta summasi eksportga yuklangan jami mahsulot narxining 5 foizidan oshmagan taqdirda muddati o‘tgan debitor qarzdorlik hisoblanmaydi va tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan jarima qo‘llanilmaydi;

eksport qiluvchi tashkilotlarga foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq solinadigan bazani kamaytirish ko‘rinishidagi imtiyozlar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushumdagi eksport hajmining ulushidan qat’i nazar qo‘llaniladi;

qovun (TIF TN kodi 1207 70 000 0), kanakunjut (TIF TN kodi 1207 30 000 0), xantal (TIF TN kodlari 1207 50 100 0, 1207 50 900 0) va maxsar (TIF TN kodi 1207 60 000 0) urug‘lari eksportiga ruxsat beriladi.

2. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining eksportchi korxonalarni ochiq tanlov orqali saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturini (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Bunda, Dastur doirasida eksportchi korxonalarni saralab olish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:

eksportchi korxonalar yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan hamda kamida so‘nggi ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan bo‘lishi;

oxirgi 12 oy mobaynida eksport qilingan tayyor mahsulot summasi 1 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lishi;

umumiy tushum hajmida eksportdan tushum ulushi 30 foizdan yuqori bo‘lishi;

eksportga chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar turi 2 tadan ortiq bo‘lishi;

oxirgi 12 oy mobaynida eksport geografiyasi, qo‘shni davlatlarni inobatga olmagan holda, 2 ta mamlakatdan ortiq bo‘lishi;

oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmida muddati o‘tgan debitor qarzdorlikning ulushi 5 foizdan kam bo‘lishi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi korxonalar ro‘yxati mazkur mezonlarga muvofiq Eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash yagona portalida (www.exportportali.uz) onlayn tartibda avtomatik tarzda reyting asosida shakllantirilishi va har 6 oy mobaynida yangilab borilishini ta’minlasin.

3. Quyidagilar:

a) Dasturning bosqichma-bosqich 200 ta (reyting asosida birinchi bosqichda 50 ta, 2023 yil 1 yanvardan boshlab 100 ta, 2023 yil 1 iyuldan boshlab 200 ta) eksportchi korxonalarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish orqali amalga oshirilishi;

b) Dasturga kiritilgan eksportchi korxonalar:

eksport va unga tenglashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirganda nol darajali qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi qo‘llanilishi natijasida hosil bo‘lgan soliqning oshib ketgan qismi ularning murojaatiga asosan tezlashtirilgan tartibda 7 kun ichida to‘liq qaytarib berilishi;

aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun kredit olishida tijorat banklariga eksport shartnomalarini garov ta’minoti sifatida qabul qilish tavsiya etilishi;

Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi
va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirishi uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqqan holda:

eksport hajmi 1 million dollardan 5 million dollargacha bo‘lganda – 1 million dollargacha;

eksport hajmi 5 million dollardan 10 million dollargacha bo‘lganda – 2 million dollargacha;

eksport hajmi 10 million dollardan 15 million dollargacha bo‘lganda – 3 million dollargacha;

eksport hajmi 15 million dollardan 20 million dollargacha bo‘lganda – 4 million dollargacha;

eksport hajmi 20 million dollardan ortiq bo‘lganda – 5 million dollargacha miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratilishi;

bitta xalqaro standartni joriy qilish va sertifikatni olishi uchun ularga 30 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda moliyaviy yordam taqdim etilishi;

biznes jarayonlar, eksport hajmini oshirish va marketing tadqiqotlarini amalga oshirishi uchun xorijiy maslahatchilar jalb qilinishi belgilab qo‘yilsin.

4. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar respublikaning har bir hududidan eng salohiyatli 100 ta mahalliy korxonaning tashqi bozorlarga chiqishiga yo‘l ochib berish maqsadida “tadbirkordan – eksportyorgacha” tamoyili asosida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib tasdiqlasin hamda uning ijrosini nazorat qilib borsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

6. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuniga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi
     Prezidenti                                     Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 30 sentyabr