Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalq manfaatlari yoʻlida izchil davom ettirish maqsadida 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilingan holda tayyorlandi.
Muhokamalar jarayonida xalqimiz, fuqarolik jamiyati institutlari faollik koʻrsatib, mingdan ortiq tele- va radiokanallar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirlarda ular bilan bevosita muloqotlar tashkil etildi, fuqarolarimiz bildirgan taklif-tavsiyalar tegishli soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida chuqur tahlil qilindi.
Xususan, jamoatchilik muhokamasi doirasida uch mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, ular asosida Davlat dasturi loyihasiga yuzga yaqin konseptual va tahririy oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Shuningdek, koʻpchilik takliflar muhokama uchun eʼlon qilingan Davlat dasturi loyihasidagi chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni amalga oshirish jarayonlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi, parlament palatalari qoʻshma majlisi va tashkiliy yigʻilishlarida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:
1. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda – Davlat dasturi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida:
2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati faoliyatida fuqarolarning Internet tarmogʻidagi murojaatlari asosida parlament va deputat soʻrovlarini shakllantirish, saylovchilar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida elektron portal va mobil ilovadan foydalanish imkonini beruvchi “Elektron parlament” tizimi joriy etilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yil yakuniga koʻra qabul qilingan har bir qonun xalq tomonidan qanday baholanganini va uning samaradorlik darajasini monitoring qilish hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralarni koʻrish amaliyoti shakllantirilsin;
2020-yilda Samarqand viloyati xalq deputatlari Kengashining faoliyatini “namunali Kengash” sifatida yoʻlga qoʻyish boʻyicha amaliy tashkiliy chora-tadbirlar koʻrilsin hamda mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash soʻrovi instituti joriy qilinsin;
2020-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyati boʻyicha, shuningdek, Hukumat aʼzolari va tarmoqlar rahbarlarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinsin;
2020-yil 1-avgustdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Oʻzbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish, shuningdek, aholini tashvishga solayotgan muammolarni tezkorlik bilan hal qilish maqsadida oʻrganilgan masalalar boʻyicha bevosita joylarga borib, vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida Senat kengashi va qoʻmitalarining sayyor majlislarini oʻtkazish tizimi yoʻlga qoʻyilsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Vazirlar Mahkamasiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini, shu jumladan, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish boʻyicha “yoʻl xarita”si, Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi hamda Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategiyasi qabul qilinishini taʼminlash tavsiya etilsin.
3. Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yana-da isloh qilish sohasida:
2020-yil 1-maydan boshlab sud hukmlari, qarorlari, ajrimlari yoki hal qiluv qarorlari qonuniy kuchga kirgan ishlarni prokuror tomonidan tomonlarning (prokurordan tashqari) murojaati mavjud boʻlgandagina suddan talab qilib olish tartibi amaliyotga joriy etilsin;
2020-yil 1-apreldan boshlab 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi asosida doimiy istiqomat qilayotgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlish istagini bildirgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olish tartibi joriy etilsin;
2020-yil 1-noyabrga qadar odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari isloh qilinib, nazorat tartibida ish yuritish instituti bekor qilinsin;
2020-yil 1-iyunga qadar tadbirkorlik sohasidagi ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyat turlari dekriminalizatsiya qilinsin, shuningdek, bojxona sohasidagi qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, tovar uchun toʻlovni ixtiyoriy ravishda toʻlagan va bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirgan shaxslarni jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi joriy etilsin;
2020-yil 1-dekabrdan boshlab maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati jinoyat ishlari boʻyicha sudlar vakolatiga oʻtkazilsin;
2020-yil 1-dekabrdan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxs tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimani sud va vakolatli idoralarda ish koʻrilgunga qadar ixtiyoriy toʻlashni ragʻbatlantirish tizimi joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini, shu jumladan, tizimlashtirilgan “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri, shuningdek, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlash topshirilsin.
4. Keng jamoatchilik istaklarini va xalqaro ekspert jamoatchiligi tavsiyalarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi va Inson huquqlari boʻyicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda koʻchmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
a) 2020-yil 1-aprelga qadar qonun hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini taʼminlasin, unda, shu jumladan, quyidagilarni nazarda tutsin:
doimiy propiskaga qoʻyishda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi toʻgʻrisidagi qoidalariga rioya etish boʻyicha talablarni;
propiskaga qoʻyish bilan bogʻliq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishini taʼminlashni;
hududlarda oliy taʼlimning talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlarida oʻqitishni tashkil etish, shu jumladan, Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochishni;
b) Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda respublika aholisi uchun Toshkent shahri bilan bir qatorda qoʻshimcha ravishda “oʻziga tortuvchi markazlar”ni yaratish maqsadida tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilashni nazarda tutsin.
5. Iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb qilish sohasida:
2020-yildan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasini, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinsin va davlatga majburiy gʻalla sotish hajmi 25 foizga kamaytirilsin;
2020-yilda soliq toʻlovchilar tomonidan ortiqcha toʻlangan soliq summasi belgilangan muddatda qaytarilmagan holda ushbu summa uchun soliq toʻlovchilarga byudjet hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng miqdorda foizlar toʻlash hamda ichki bozorda sotilgan mahsulot boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi samarali yoʻlga qoʻyilsin;
2020-yilda litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar kamida ikki baravarga qisqartirilsin;
2020-yil 1-iyundan boshlab davlat ulushiga ega boʻlgan banklar transformatsiyasi boʻyicha “yoʻl xarita”larini amalga oshirishga kirishilsin, shu jumladan, aholi va xoʻjalik yurituvchi subyektlarga koʻrsatilayotgan bank xizmatlari sifatini oshirish hamda zamonaviy chakana bank xizmatlari turlarini koʻpaytirish choralari koʻrilsin;
2020-yil 1-iyunga qadar eksportni oldindan moliyalashtirishga qaratilgan Eksport-kredit agentligi tashkil qilinsin;
2020-yil 1-iyundan boshlab mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish boʻyicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya toʻlash mexanizmlari joriy etilsin;
2020-yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratilsin va 12 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqizilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ikki oy muddatda har bir hududda tadbirkorlikka oʻqitish kurslarini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xarita”sini va mazkur kurslarning bitiruvchilariga eng ilgʻor loyiha uchun grantlar ajratish tartibini tasdiqlasin;
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga oʻtkazilgan 30 ta kollej bazasida, shuningdek, Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etib, ularda, birinchi navbatda, ishsizlar va kambagʻal oilalar aʼzolarining tadbirkorlik asoslari boʻyicha va kasbga oʻqitilishini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda kasbga oʻqish istagini bildirgan yolgʻiz va koʻp bolali ayollar, ishsizlar, yoshlar uchun kundalik hayotda ehtiyoj yuqori boʻlgan sohalar, xususan tikuvchilik, pazandalik, sartaroshlik va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha kasbga oʻrgatish kurslarini tashkil etish choralarini koʻrsin.
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Mahalla guzarlarida kasbga oʻqitish dasturi”ni ishlab chiqib, talabgorlar roʻyxatini shakllantirsin.
Belgilansinki, kasbga oʻrgatish kurslari doirasida oʻqitilgan yolgʻiz va koʻp bolali ayollar, ishsizlar va yoshlar kabi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mablagʻ ajratiladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
byudjet mablagʻlari hisobidan ilgʻor tadbirkorlik loyihalariga grantlar ajratish tizimini yoʻlga qoʻysin;
2020-yil 1-mayga qadar har bir hududda kamida bittadan “Eng yaxshi kasbga tayyorlash oʻquv dasturi” boʻyicha nodavlat tashkilotlari oʻrtasida tanlov oʻtkazib, uning gʻoliblariga oʻz ishini tashkil qilish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasidan grant ajratish tartibini ishlab chiqsin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tadbirkorlik yaxshi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar atrofida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan va boʻsh turgan yer maydonlarini aniqlasin hamda ularda kichik sanoat zonalarini tashkil etish va ularni infratuzilma bilan taʼminlash uchun loyiha hujjatlarini ishlab chiqish choralarini koʻrsin.
Belgilansinki:
yangi tashkil etiladigan kichik sanoat zonalariga barcha zarur infratuzilmalarni yetkazib berish uchun kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan 100 milliard soʻm ajratiladi;
yangi tashkil etilgan kichik sanoat zonalaridagi yer uchastkalari tadbirkorlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda xususiylashtirilib beriladi va bundan tushgan mablagʻlar kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyalari tomonidan yangi kichik sanoat zonalarini barpo etishga sarflanadi.
10. Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanda dehqonchilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan aholi roʻyxatini shakllantirsin, qishloq xoʻjaligi oborotidan chiqib ketgan yerlarni talabgorlarga taqsimlab bersin va ularni kooperatsiyalarga biriktirsin. Bunda, mazkur shaxslarga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar taqdim etilsin va yerlarni oborotga qaytarish uchun barcha zarur chora-tadbirlar koʻrilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda biznesga hamda tadbirkorlikni boshlash istagidagi fuqarolar va oʻzini oʻzi band qilmoqchi boʻlganlarga servis koʻrsatuvchi interaktiv mobil ilovalar yaratish uchun tanlovlar eʼlon qilib, eng yaxshi loyihalarga grantlar ajratish tizimini yoʻlga qoʻysin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda, shuningdek, Jahon banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb etgan holda 2020-yil 1-avgustga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Kambagʻallikni qisqartirish dasturi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
kambagʻallik tushunchasini, uni hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda aniqlash metodologiyasi va mezonlarini ishlab chiqish;
aholida, ayniqsa, yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
eng avvalo, joylardagi ijtimoiy muammolarni hal qilish imkonini beruvchi tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
tadbirkorlik subyektlariga moliyaviy resurslardan, shu jumladan, mikromoliyalashtirish xizmatlari va davlat xaridlaridan foydalanishda keng imkoniyatlar berish uchun sharoit yaratish;
band boʻlmagan aholini qayta tayyorlash va ishsiz fuqarolarni talab yuqori boʻlgan kasblarga oʻqitish boʻyicha keng qamrovli dasturlarni amalga oshirish.
13. Belgilansinki, 2020-yil 1-iyundan boshlab tadbirkorlik subyektlariga litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishda kadrlarning professional malakasi, taqdim etilgan hujjatlar va dasturlarning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga, bino va inshootlarning – sanitariya-epidemiologik talablarga va yongʻin xavfsizligi talablariga javob bermasligi sababli rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Bunda, vakolatli davlat organlari tadbirkorlik subyektlariga malakali kadrlarni izlash, hujjatlar va dasturlarni qayta ishlash uchun mutaxassislarni jalb qilish hamda litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam berishlari lozim, talabgorning taklif etilgan yordamni rad qilish hollari bundan mustasno.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch oy muddatda ushbu bandda belgilangan tartibni joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “UzTrans” yagona interaktiv axborot tizimida tashuvchilar faoliyatini monitoring va nazorat qilishning zamonaviy usullarini qoʻllashni hisobga olgan holda Vazirlar Mahkamasiga:
yuk tashishni amalga oshirishning boshlanishi toʻgʻrisida xabardor qilish va yuklarni xalqaro tashishni amalga oshiruvchi transport vositalarini “onlayn” roʻyxatdan oʻtkazish tartibini joriy etish orqali avtomobil transportida yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yoʻnalishlar boʻyicha tashishni amalga oshirish;
jismoniy shaxslarga avtomobil transportida yoʻlovchilarni shaharda, shahar atrofida va shaharlararo yoʻnalishlar boʻyicha tashish huquqini berish boʻyicha takliflarni kiritsin.
15. Ijtimoiy rivojlanish sohasida:
2020-yil oxiriga qadar 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimini joriy etgan holda, maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasining 60 foizga yetkazilishi taʼminlansin;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻqituvchilarining yuklamasi maqbullashtirilsin, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida asosiy mutaxassislikka aloqasi boʻlmagan fanlar soni ikki baravarga qisqartirilsin;
2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat buyurtmasi parametrlari bosqichma-bosqich ikki baravarga oshirilsin;
2020-yilda kamida 5 ta oliy taʼlim muassasasini konkurs asosida tanlab, nufuzli xorijiy oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilish choralari koʻrilsin;
2020-yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlarni yaratish choralari koʻrilsin;
2020-yil 1-sentyabrga qadar ilm-fanning ishlab chiqarish bilan faol integratsiyalashuvini taʼminlash maqsadida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmi tubdan qayta koʻrib chiqilsin;
2020-yilda majburiy tibbiy sugʻurta tizimini joriy etishga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilsin va kelgusi yilda ushbu tizim tajriba tariqasida Sirdaryo viloyatida ishga tushirilsin;
2020-yilda davlat tibbiyot tashkilotlari va aholini dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan taʼminlanishi oʻtgan yilga nisbatan 1,3 baravarga koʻpaytirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu yoʻnalishda belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilishini, shu jumladan, Uy-joy kodeksining yangi tahriri, Ekologiya kodeksi loyihasi, “Suv taʼminoti va oqova xizmatlar toʻgʻrisida”gi va “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari, Aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish davlat dasturi, Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash milliy dasturi, Ilm-fan sohasini rivojlantirish, Aholini ijtimoiy himoya qilish, Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish konsepsiyalari, Qurilish sohasini rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilishini taʼminlash topshirilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Yoshlar taʼlimi va ayollar bandligi boʻyicha “Besh tashabbus” loyihasi doirasida 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab alohida umumtaʼlim muassasalarida bolalarni maktab fanlariga elektron oʻqitish boʻyicha, shu jumladan, elektron sinf jurnali, oʻquvchilar kundaliklarini raqamlashtirish va elektron materiallar kutubxonasini (darsliklar, video darslar, virtual laboratoriyalar va boshqalar) oʻz ichiga olgan tajriba tariqasida axborot tizimlarini qogʻoz hujjatlarni bekor qilgan holda joriy etsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ekspertlar, shu jumladan, xorijiy ekspertlar ishtirokida maʼlumotlar haqidagi fan, ulkan maʼlumotlar, sunʼiy intellekt kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlashni nazarda tutgan holda, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohasidagi oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab respublika oliy taʼlim muassasalari talabalariga oʻquv yili davomida teng ulushlarda kamida toʻrt marotaba oʻqish uchun toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati taqdim etilishini taʼminlasin.
19. 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Toshkent davlat pedagogika universitetida tajriba tariqasida bosqichma-bosqich masofaviy oʻqitish shakli joriy etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020-yil 1-avgustga qadar masofaviy oʻqitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish, tegishli oliy taʼlim muassasalarining oʻquv jarayoniga masofaviy oʻqitish platformasini joriy etish va oʻrnatilgan tartibda zarur boʻlgan uskunalar bilan jihozlashni taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar tajriba natijalarini inobatga olgan holda oliy taʼlim tizimiga masofaviy oʻqitish shaklini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflarni oʻqitishning ushbu shaklini amalga kiritishning oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi grafigi bilan birgalikda kiritsin.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-oktyabrdagi PQ-4502-son qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun pensiyani hisoblashda mehnat stajini tasdiqlash va ish haqi miqdorini belgilash “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida mavjud maʼlumotlar asosida amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2005-2016 yillar davri uchun jamgʻarilib boriladigan pensiya tizimiga majburiy badallar toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan;
2016-2018 yillar davri uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallarini yakka tartibda hisobga olishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan;
2019-yil uchun fuqarolar ish haqining yakka tartibdagi hisobini yuritishning markazlashtirilgan elektron reyestri maʼlumotlaridan foydalaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali 2020-yil 1-yanvargacha boʻlgan davr uchun zarur maʼlumotlarni yagona tizim orqali yigʻish maqsadida manfaatdor idoralarning tizim va maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinishi, shuningdek, ushbu tizim toʻliq ishlashini taʼminlash uchun maʼlumotlarni raqamlashtirish choralarini koʻrsin;
fuqarolar uchun ularga tayinlangan pensiya toʻlovlari toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar bilan tanishish, shu jumladan, avtomatik hisoblash imkoniyatini yaratishni inobatga olgan holda pensiya tayinlash va toʻlash tartibini takomillashtirish boʻyicha takliflarni kiritsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi bilan birgalikda, shuningdek, fuqarolarning murojaatlari va iqtisodiyotni raqamlashtirish boʻyicha vazifalarni hisobga olgan holda ikki oy muddatda oʻzini oʻzi band qilayotgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlari (xizmatlar, ishlar) roʻyxatini qayta koʻrib chiqish, mazkur jarayonlarni raqamlashtirish, “frilansing” (masofadan turib ishlash) imkoniyatlarini ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ning kiritilishini taʼminlasin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2020-yil 1-noyabrdan “Davlat fuqarolik xizmati yagona elektron axborot-tahliliy tizimi” dasturiy-apparat kompleksini (keyingi oʻrinlarda – dasturiy-apparat kompleksi) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda dasturiy-apparat kompleksining Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va boshqa zarur tizimlarga integratsiyalashuvini taʼminlasin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturi loyihasini ishlab chiqishda boshqa masalalar bilan bir qatorda quyidagilarni nazarda tutsin:
a) “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish yoʻnalishida:
axborot texnologiyalari sohasida inson kapitalini rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash va ular malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash;
b) mahalliy IT-texnologiyalar bozori salohiyatini oshirish yoʻnalishida:
axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarga qoʻyiladigan asosiy funksional talablarning yagona reyestrini belgilagan holda davlat organlari va tashkilotlarida ushbu mahsulotlardan foydalanishga oʻtish;
oʻrnatilgan funksional talablarga muvofiq keladigan mahalliy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarning yagona bazasini shakllantirish;
salohiyati mavjud oliy taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish sohasida laboratoriyalar, jumladan, xalqaro tan olingan ilgʻor IT-kompaniyalarni jalb qilgan holda tashkil etish;
mahalliy axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishni yana-da rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish;
v) davlat maʼlumotlarini boshqarish tizimini yaratish yoʻnalishida:
davlat boshqaruvi sohasida maʼlumotlarni shakllantirish va qayta ishlashga standartlashtirilgan yondashuvni joriy qilish;
maʼlumotlarni shakllantirish va yangilash boʻyicha javobgarlik davlat organlari boʻyicha taqsimlangan holda, maʼlumotlar faqat bitta davlat organi yoki uning boʻlinmalarida shakllantiriladigan “maʼlumotlarning yagona manbai” tamoyilini joriy etish;
hujjatga yoʻnaltirilgan tizimdan maʼlumotlarning reyestr yozuviga asoslangan tizimga bosqichma-bosqich oʻtish.
24. Davlat organlari, idoralar, barcha korxona va tashkilotlarga “raqamli iqtisodiyot”, zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish va rivojlantirishga masʼul boʻlgan xodimlarni xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilarning kasblari klassifikatori taʼlimning minimal darajasi va kasb boʻyicha malakaviy razryadlar qismiga amal qilmagan holda ishga jalb qilishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikatga ega boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini yaratish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikat olish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan shaxslarga xarajatlarni davlat tomonidan qoplash, axborot texnologiyalari sohasida xalqaro sertifikatga ega boʻlgan shaxslarning respublika oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Besh tashabbus” loyihasini moliyalashtirish doirasida “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari”da, “Ishga marhamat” monomarkazlarida va “Yoshlar texnopark”larida yoshlarga raqamli texnologiyalarni oʻrgatish boʻyicha maxsus kurslarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
27. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va qarori loyihalarini kiritsin:
raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat tashkiliy-institutsional asoslarini tanqidiy qayta koʻrib chiqqan holda sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish;
“Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish yoʻnalishida idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish, koʻrsatilayotgan elektron davlat xizmatlari sifatini oshirish va roʻyxatini kengaytirish, aholi va tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita aloqasiz oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish shakllarini keng qoʻllash;
telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yoʻnalishida Internet tarmogʻidan keng polosali foydalanishni kengaytirish, mobil aloqa tarmogʻi va boshqa zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish;
raqamli iqtisodiyot sohasidagi loyihalarning amalga oshirilishini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish.
28. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi davlat organlari va tashkilotlarida axborotlarni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash “Elektron hukumat” tizimining yagona identifikatorlarini qoʻllagan holda amalga oshiriladi.
29. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Elektron hukumatning idoralararo axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlari yagona reyestrini (keyingi oʻrinlarda – Yagona reyestr), shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida qoʻllanilishi majburiy boʻlgan “Elektron hukumat” tizimining yagona identifikatorlarini, maʼlumotnomalar va tasniflagichlarning roʻyxatlarini (keyingi oʻrinlarda – roʻyxatlar) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
30. Belgilansinki:
davlat organlari va boshqa tashkilotlar Yagona reyestrga kiritilgan idoralararo integratsiyalashgan axborot tizimlari va resurslari hamda boshqa dasturiy mahsulotlarni joriy etishi va ulardan samarali foydalanishi shart.
32. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ilm va maʼrifat, axborot texnologiyalari, mehnat munosabatlari va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan axborotlarni olish imkoniyati asossiz ravishda cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida, shuningdek, xalqaro standartlarni inobatga olgan holda 2020-yil 1-sentyabrga qadar davlat siri deb hisoblangan maʼlumotlar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish hamda keyinchalik uni maxfiylikdan chiqarish choralarini koʻrsin.
33. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va Adliya vazirligi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida parlamentarizmni rivojlantirish boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti oʻquv markazini tashkil etish masalasi ishlab chiqilgan boʻlib, u quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilgan:
xorijiy mamlakatlarning parlamentlari va boshqa manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda deputatlik korpusi va senatorlar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutaxassislarining koʻnikmalari, malakasi va salohiyatini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini roʻyobga chiqarish;
qonun ijodkorligi, parlament nazorati, fuqarolarning manfaatlarini ifoda etish va xalq bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, qonun hujjatlarining tartibga solish taʼsirini baholash, normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish yukini maqbullashtirish;
tegishli yoʻnalishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi ichida va uning tashqarisida masofaviy oʻqitish uchun taʼlim modullari va dasturlarini oʻz ichiga olgan hamda “Elektron parlament” tizimi bilan integratsiyalashgan “onlayn” tizim yaratish.
Belgilansinki, oʻquv markazining faoliyat yuritishi, tahsil oluvchilar va xorijiy davlatlar ekspertlarining mamlakatda boʻlishi bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, xalqaro tashkilotlar va donorlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu bandda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2020-yilgi Davlat byudjeti parametrlari doirasida belgilangan tartibda moliyaviy mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin, 2021-yildan esa har yili byudjet mablagʻlari ajratilishini nazarda tutsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga mazkur institutni isloh qilishning hozirgi bosqichini hisobga olgan holda, uning faoliyati samaradorligini oshirish toʻgʻrisida qoʻshma qaror qabul qilish tavsiya etilsin.
34. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod koʻrib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan Harakatlar dasturi taqdim etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har chorakda tegishli yil uchun Davlat dasturi bilan uzviy bogʻliqlikda Harakatlar dasturining vazirliklar, idoralar va hududlar kesimida bajarilishi holatini oʻz majlislarida tanqidiy muhokama qilib borsin.
35. Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda xorijiy mamlakatlar bilan 2020-yilda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-maʼrifiy, madaniy-gumanitar va siyosiy sohalarda, shuningdek, xavfsizlik sohasida hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari va tadbirkorlik subyektlari uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va maxsus qulay rejimlar taqdim etishni nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar boʻyicha takliflarni kiritsin.
36. Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, ilgʻor tajriba va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, manfaatdor idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik missiyalarini faol jalb etgan holda jahon mamlakatlari bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning muassasalari, yetakchi xalqaro institutlar va moliya tuzilmalari, shuningdek, mintaqaviy birlashmalar bilan uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirish yuzasidan aniq takliflar va amaliy chora-tadbirlarni tayyorlashni taʼminlasin.
37. “Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining quyidagilarni amalga oshiruvchi “Xalqaro munozara klubi”ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, islohotlarni amalga oshirishning muhim masalalari boʻyicha jamoatchilik muhokamasini oʻtkazish va ommaviy axborot vositalarida keng yoritish;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini doimiy ravishda baholab borish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida aholi va ekspertlar oʻrtasida soʻrovlar va oʻrganishlar oʻtkazib borish;
ilgari surilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari boʻyicha ularning jamoatchilik muhokamasini hisobga olgan holda asoslangan takliflarni ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining aholi oldidagi hisobdorligini oshirish maqsadida jamoatchilik eshituvini muntazam ravishda tashkil etish.
Belgilansinki, “Xalqaro munozara klubi” “Yuksalish” umummilliy harakati huzurida tashkil etiladi.
38. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi “Yuksalish” umummilliy harakati hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishini tizimli monitoring qilish, uni sifatli va oʻz vaqtida bajarish uchun qoʻshimcha choralar koʻrish boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqish;
Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotni har oyda umumlashtirish hamda yakunlarini aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlarni aks ettirgan holda oʻz veb-saytlarida joylashtirish;
monitoring natijalari toʻgʻrisidagi axborotni har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;
39. Davlat dasturi bandlarini izchil va oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyat, tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari oʻz hududlarida Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha oʻn kun muddatda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va har oyda oʻz majlislarida muhokama qilib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi har oyda Davlat dasturi bajarilishini Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchilari huzurida tanqidiy koʻrib chiqadi, har chorakda Hukumat majlislarida muhokama qilib boradi hamda oʻz vaqtida va toʻliq bajarilmagan tadbirlar yuzasidan masʼul vazirlik va idoralar rahbarlariga nisbatan tegishli choralar koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari har chorakda Bosh vazir va Hukumat aʼzolariningDavlat dasturi bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitib boradi hamda bu borada Hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Hisob palatasi bilan birgalikda har oyda Davlat dasturi bajarilishini nazorat qilib boradi hamda uning oʻz vaqtida va toʻliq ijro etilishini taʼminlaydi.
40. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xalqaro press-klub, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:
ushbu Farmonning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng tushuntirilishini;
41. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
42. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 2-mart