O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan davrda keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, sohaga oid 10 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi, nuroniylarning ijtimoiy faolliklarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Faxriy murabbiy” ordeni va “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Keksalar uchun 152 ta tuman va shaharda “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etildi, barcha ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘liq miqdorda to‘lash yo‘lga qo‘yildi, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda nuroniylar jamoatchilik kengashlari, mahallalarda “Keksalar maslahati” guruhlari tashkil etildi, “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi”ni o‘tkazish an’anaga aylandi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish maqsadida:

1. Belgilansinki, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi unga yuklatilgan asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mahallalarda nuroniy va keksalar bilan ishlarni takomillashtirish yo‘nalishida quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

mahallalarda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyilini qaror toptirishda tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan ijtimoiy faol nuroniylarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash;

vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlardagi “Faxriylar kengashlari”, fuqarolar yig‘inlaridagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

mehnat faxriylarining mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishdagi ishtirokini kengaytirish;

“Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori ostida ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan keksalar va nuroniylar holidan doimiy xabar olish tizimini tashkil qilish hamda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash;

keksalar va faxriylarning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida “Nuroniylar maskani” majmualarida va mahallalarda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish;

fuqarolar yig‘inlari raislarining keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha maslahatchilari va mahallalardagi boshqa jamoatchilik tuzilmalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.

2. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev):

a) ikki oy muddatda Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M.Xodjimatov) bilan birgalikda “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyili asosida mahallalarda hayotiy va katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli nuroniylar va ziyolilarni ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarga biriktirish orqali ularni jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishishlariga ko‘maklashish dasturlarini ishlab chiqsin.

Belgilansinki, mahallalardagi yoshlarning tarbiyasi va axloqida bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlardan kelib chiqib nuroniy va ziyolilar O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirib boriladi;

b) fuqarolar yig‘inlari tomonidan nuroniylar tashabbusi va tajribasidan keng foydalangan holda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha mahallalarning dasturlari qabul qilinishini ta’minlasin;

v) fuqarolar yig‘inlarida “Keksalar maslahati” guruhlarining jamoatchilik nazorati yo‘nalishidagi faoliyatini samarali tashkil etsin.

Bunda, mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha nuroniylarning jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

3. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibini taqiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B.Xusanov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishni taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Belgilansinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:

a) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtiriladi;

b) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi;

v) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi.

Bunda, dori vositalarining ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi;

g) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi.

Bunda, abonement xarajatlarining bir oylik summasi bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan oshmagan holda sport yo‘nalishidagi muassasalarning hisob raqamiga o‘tkazib boriladi;

d) Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish va mablag‘ ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda qabul qilinishini ta’minlasin.

5. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Turizm va madaniy meros vazirligi (U.A.Azamov) bilan birgalikda:

keksalarning respublikamizdagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil etish maqsadida Jamg‘armaga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ikkita zamonaviy avtobus xarid qilsin;

sayyohlik safarlarini uyushtirish bo‘yicha tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylarning ro‘yxatini shakllantirsin hamda tumanlar (shaharlar) kesimida avtobuslar qatnovlari grafigini tasdiqlasin;

2022 yil uchun grafikda belgilangan safarlarni uyushtirish joyi, vaqti haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari, shu jumladan, “Nuroniy” elektron platformasi orqali hududlar aholisini kamida uch oy oldindan xabardor qilish tizimini yo‘lga qo‘ysin.

6. 2022 yilda Jamg‘arma mablag‘larining amalda o‘zlashtirilishiga qarab Davlat byudjetidan 50 milliard so‘m ajratilsin.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq kelgusi yillarda Jamg‘armaning asosiy vazifalarini amalga oshirish uchun zarur mablag‘larning Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

7. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.X.Shermatov) bilan birgalikda:

a) 2022 yil 1 oktyabrga qadar Jamg‘armaning “Nuroniy” elektron platformasi va yagona elektron bazasi faoliyatini yo‘lga qo‘ysin hamda Jamg‘armaning faoliyati to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarning platformada joylashtirib borilishini va ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

Belgilansinki:

Jamg‘arma mablag‘larining sarflanishi, shu jumladan, mablag‘ oluvchilar va xizmatlardan foydalanganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar belgilangan tartibda hisobot choragi yakuni bilan Jamg‘armaning rasmiy veb-saytiga joylashtirib boriladi;

Jamg‘arma o‘z mablag‘larining sarflanishiga oid masalalarni muhokama qilishga keng jamoatchilikni jalb qilgan holda o‘z faoliyatining auditorlik tekshiruvi natijalari hisobotini ommaviy axborot vositalariga taqdim etib boradi;

b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bilan hamkorlikda keksalarga oid ma’lumot va yangiliklarni ularning mobil telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuborish orqali ma’lum qilib borishni tashkil qilsin;

v) 2022 yil 1 dekabrga qadar Jamg‘armaning yagona elektron ma’lumotlar bazasiga keksalarning ijtimoiy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy-ijtimoiy xizmatlar bo‘yicha tezkor murojaat qilish kabi masalalar kiritilishini ta’minlasin;

g) 2023 yil 1 yanvarga qadar “Nuroniy” elektron platformasini byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining pensiya va nafaqa oluvchilarning elektron ma’lumotlar bazasi, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” hamda “Ijtimoiy xizmat” elektron platformasi bilan integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.

8. 2022 yil 1 maydan boshlab ijtimoiy yordam ko‘rsatish xizmati xodimlari yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining “Sall-markazi”ga qilingan murojaatlar asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatadi:

a) axborot-servis xizmati:

oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlarining ko‘rigiga yozdirishularni uyga ko‘rikdan o‘tishga chaqirish;

Jamg‘arma xizmatlaridan foydalanish uchun buyurtma berish, ro‘yxatdan o‘tish va buyurtmaning holatiga aniqlik kiritish;

Jamg‘arma tomonidan tashkil etiladigan profilaktik, tibbiy davolanishlar va sayyohlik safarlari bo‘yicha ma’lumotlar olish;

jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalar (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) to‘g‘risida ma’lumotlar olish;

madaniy hordiq chiqarish maqsadida kinoteatrlar, teatrlar, muzeylar va boshqa madaniy tadbirlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar olish;

b) uyda xizmatlarni ko‘rsatish:

Jamg‘arma tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar doirasida dori vositalari, protez-ortopediya moslamalari va kreslo-aravachalarni uyga yetkazib berish;

shifokorlar retseptlariga asosan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning mablag‘lari hisobiga dori vositalarini olib kelish hamda oilaviy shifokorlik punktlari va oilaviy poliklinikalarning shifokori ko‘rigidan so‘ng tibbiy ko‘rik ma’lumotlarini yetkazish;

kutubxonalarga a’zo bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar, gazetalar va boshqa nashrlarni yetkazish.

9. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.A.Xadjayev), Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) bilan birgalikda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining telekanallari orqali Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magi asosida keksalar uchun quyidagi mazmundagi ko‘ngilochar-ma’rifiy ko‘rsatuvlar va videoroliklar efirga uзaтилishиni tashkil qilsin:

a) “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” teleko‘rsatuvining har oyda kamida ikkita yangi soni.

Bunda, ko‘rsatuv mazmunan boyitilgan holda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, Vatanga muhabbat ruhida tasvirga olinadi;

b) “Nuroniylar maslahati”, “Mahallada gurung” va “Yoshlar nuroniylar nigohida” rukni ostida obro‘-e’tiborli keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasiga bag‘ishlangan ma’rifiy teleko‘rsatuvlarning har kunlik soni;

v) zamonaviy to‘lov vositalaridan va bank xizmatlaridan foydalanish hamda moliyaviy savodxonlikni oshirish, uy sharoitida dehqonchilik, chorvachilik, parrandachilik, ko‘chatchilik, gulchilik kabi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish hamda hunarmandchilik, kasanachilik va tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qisqa metrajli videoroliklar.

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra barcha davlat boshqaruvi organlarida har yili ikki marta mazkur tashkilotlarda uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan keksa avlod vakillari bilan vazirlik va idoralarning rahbarlari ishtirokida “Keksa avlod uchrashuvlari” mavzusida maslahat suhbatlari tashkil etib boriladi.

Belgilansinki, maslahat suhbatlari vazirlik va idoralarning mutasaddi xodimlari ishtirokida tashkilotning so‘nggi yillardagi faoliyati natijalari, istiqboldagi rejalari hamda uzoq muddatli strategik ko‘rsatkichlari bo‘yicha muhokamali tarzda tashkil qilinadi.

11. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.H.Toshkulov) Xalq ta’limi vazirligi (B.O.Saidov), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev), Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil
1 apreldan boshlab doimiy ravishda:

a) oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va maktablarda yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash maqsadida hayotiy tajribaga ega bo‘lgan nuroniylar bilan ochiq davra suhbatlarini, shu jumladan, videokonferensiya tarzida tashkil etish;

b) o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashovchi keksalarni ma’naviy-ruhiy hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash maqsadida joylardagi davlat organlari va muassasalarining malakali psixologlari, faol yoshlardan iborat bo‘lgan volontyorlik guruhlarini tashkil qilish.

Bunda, volontyorlik guruhlari tomonidan har ikki oyda kamida bir marotaba o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarning holidan xabar olish masalalarini muvofiqlashtirishga yoshlar yetakchilari shaxsan mas’ul hisoblanadi.

12. Quyidagilar:

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining markaziy apparati tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bo‘limlari tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Keksalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasi va ijtimoiy faolliklarini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Jamg‘armaning markaziy apparati va hududiy bo‘limlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘armaning shakllantirilgan o‘z mablag‘lari hisobidan qoplab boriladi.

13. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi (S.T.Turdiyev) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I.Norqulov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.A.Musayev) va boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro tajribadan kelib chiqib, mamlakatimizda faol qarish indeksini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirish yuzasidan ushbu qarorning maqsad va vazifalari bosma va elektron axborot vositalarida, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholi o‘rtasida muntazam, tizimli va keng ko‘lamda yoritib borilishini ta’minlasin.

15. Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari S.T.Turdiyev, sog‘liqni saqlash vaziri B.A.Musayev hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori A.K.Inakov belgilansin.

17. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul ijrochi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A.Xudaybergenov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2022 yil 1 avgustga qadar axborot berilsin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                         Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2022 yil 15 mart