O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni hamda rolini kuchaytirish, ularning aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini mustahkamlash, shuningdek, fuqarolar yig‘ini xodimlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali tizimning samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va Moliya vazirligining 2021 yil 1 noyabrdan boshlab:
a) hududida xonadonlar soni mingta va undan ortiq bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshlarini 35 foizga oshirish;
b) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni tegishli mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish;
v) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasini tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkazish;
g) tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasini (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining yillik mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining (moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi mablag‘larini inobatga olmagan holda) 10 foizi miqdoridagi byudjet mablag‘lari;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari qarorlariga asosan ajratiladigan mahalliy byudjetlar qo‘shimcha manbalarining 3 foizi miqdoridagi ajratma;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olingan mablag‘lar;
homiylik mablag‘lari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
3. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish tartibi va ulardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilash;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan shaxsiy va rag‘batlantiruvchi ustamalar berish, mukofotlash va ijtimoiy himoyalash.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, viloyatlar hamda Toshkent shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari:
Jamg‘arma mablag‘larining shakllantirilishi yuzasidan doimiy nazorat olib borsin;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan o‘zlari faoliyat yuritayotgan bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilishini va boshqa mol-mulklari o‘zlarida qoldirilishini ta’minlasin;
tuman (shahar) hokimliklariga tegishli bo‘lgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan foydalanib kelingan bino hamda inshootlar tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilishini ta’minlasin.
5. Moliya vazirligi:
2021 yilda barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga zarur kanselyariya tovarlari xaridi uchun 9,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini hamda 2022 yildan boshlab ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar Davlat byudjeti parametrlarida ko‘zda tutilishini;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining oylik lavozim maoshi miqdori oshirilishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar 2021 yilda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridagi vakant o‘rinlar hisobiga bo‘shab qolgan mablag‘lar hamda O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanishini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri R.T.Mamatov hamda moliya vaziri T.A.Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021 yil 18 oktyabr