Eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda respublikada nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamiga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni kuchaytirishga qaratilgan izchil choralar koʻrildi.

Shu bilan birga, eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslar uchun axborot resurslari va davlat tezkor operativ xizmatlari bilan aloqa oʻrnatish imkoniyatlarini toʻliq taʼminlash orqali mavjud sharoitlarga moslashtirish tizimini yanada takomillashtirish zaruriyati mavjud.

Eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarning jamiyatga toʻliq ijtimoiy integratsiyasini taʼminlash, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamiga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, ushbu toifadagi shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining 2019 yil 1 iyuldan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan, Eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dispetcherlik xizmatini tashkil etish (keyingi oʻrinlarda – Dispetcherlik xizmati) toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslar, shuningdek, ularning vakillari tomonidan texnik vositalar (video qoʻngʻiroqlar, matnli xabarlar, maxsus dasturiy taʼminotdan foydalangan holda qoʻngʻiroqlar va boshqalar) orqali boʻladigan murojaatlarga shoshilinch operativ xizmatlarning (101, 102, 103, 104, 1050) kechayu kunduz, tezkor javob berishlarini muvofiqlashtirgan holda taʼminlash Dispetcherlik xizmatining asosiy vazifasi etib belgilansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Dispetcherlik xizmati xodimlar tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qoʻshimcha ajratiladigan dastlabki 10 shtat birligi hisobiga toʻldiriladi (bir nafar serjantlar tarkibidagi harbiy xizmatchi va 9 nafar xizmatchi) va keyinchalik tushadigan xabarlar hamda murojaatlar hajmiga qarab ularning soni 22 nafargacha yetkaziladi;

Dispetcherlik xizmatini dastlabki texnik jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar (server uskunalari, kompyuter texnikasi va orgtexnika, dasturiy taʼminot) Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi;

Dispetcherlik xizmatini joriy taʼminlash va moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga har yili ajratiladigan byudjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga zarur boʻlganda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, mazkur bandning ikkinchi xatboshisi talablarini inobatga olib, Dispetcherlik xizmatining belgilangan shtat birligiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:

Oʻzbekiston karlar jamiyati bilan birgalikda bir oy muddatda Dispetcherlik xizmatini yuklangan vazifalarni professional darajada bajarishga qodir mutaxassislar bilan toʻldirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga imo-ishora tilida soʻzlashadigan mutaxassislar orasidan nomzodlarni taqdim etsin;

uch oy muddatda oʻzlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarning shaxsiy maʼlumotlari elektron bazasini yaratishni taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Dispetcherlik xizmatining reglamentini tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Dispetcherlik xizmatining texnik jihozlanishini (server uskunalari, kompyuter texnikasi va orgtexnika, dasturiy taʼminot) taʼminlasin;

uch oy muddatda Dispetcherlik xizmati faoliyatining xususiyatlarini inobatga olib, uning toʻliq faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun joylashtirish, jihozlash va boshqa tashkiliy masalalarni hal qilish choralarini koʻrsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyulga qadar eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarga shoshilinch operativ xizmatlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish, shu jumladan, mobil aloqa servislaridan foydalanish boʻyicha bepul xizmat koʻrsatish imkonini beruvchi axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy etsin;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning maqsad va vazifalarini yoritish boʻyicha maqolalar hamda mavzuga oid koʻrsatuvlarni tashkil etsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.A.Xudaybergenov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019 yil 18 mart

 

O’zA