Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Jahon miqyosida tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashda jonbozlik koʻrsatishmoqda.
Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilishga qoʻshayotgan ulkan hissalarini va fidokorona xizmatlarini eʼtirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qoʻshimcha ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obyektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qoʻshimcha ragʻbatlantirish toʻlovi (keyingi oʻrinlarda – maxsus toʻlov) belgilansin:
vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million soʻm;
oʻrta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga –15 million soʻm;
kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million soʻm;
boshqa xodimlarga – 5 million soʻm.
2. Belgilansinki, maxsus toʻlovlar karantin amal qiladigan muddat davomida, shu jumladan, joriy yilning mart oyi uchun, xodimning har 14 kunlik faoliyat davri yakunida toʻlab beriladi.
3. Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi yoki ularning ogʻir ahvolga tushishi va sogʻligʻi tiklanmaganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan, zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni yuqori himoya darajasiga ega boʻlgan shaxsiy himoya vositalari komplekti bilan muntazam ravishda taʼminlasin.
5. Mazkur qaror ijrosi bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2020-yil 26-mart
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2020-yil “26” martdagi PQ–4652-son qaroriga
ilova
Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi yoki ularning ogʻir ahvolga tushishi va sogʻligʻi tiklanmaganligi munosabati bilan bir yoʻla beriladigan qoʻshimcha toʻlovlar
MIQDORI
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga toʻlanadigan bir martalik toʻlov miqdori | 100 million soʻm |
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasini yuqtirish natijasida ogʻir ahvolga tushgan va sogʻligʻi tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila aʼzolariga toʻlanadigan bir martalik toʻlov miqdori | 250 million soʻm |
Izoh. Ushbu toʻlovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi yoki boshqa oqibatlar yuzaga kelishi munosabati bilan toʻlanadigan toʻlovlarni saqlab qolgan holda qoʻshimcha ravishda amalga oshiriladi.