O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, eksport faoliyatini qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash orqali mahalliy mahsulotlarning yangi istiqbolli bozorlarga kirib borishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Belgilansinki:
Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan eksportoldi va eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan moliyaviy resurslar hisobidan berilgan kreditlarni o‘z vaqtida so‘ndirib kelayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga kreditning so‘ndirilgan qismiga mutanosib ravishda qo‘shimcha kreditlar ajratishga ruxsat etiladi;
2024 yil 1 yanvarga qadar Yevropa, Turkiya, Misr va Marokash davlatlariga gazlama, trikotaj mato mahsulotlarini eksport qilishda tashish xarajatlarining 70 foizini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (J.Xodjayev) ikki hafta muddatda Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar taqdim etish hamda eksport qilishda tashish xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish tartiblariga tegishli o‘zgartirish kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 21 dekabr