Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yana-da takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Xususan, nohaq ayblangan 2,3 mingga yaqin kishi oqlandi, adashib jinoyat yoʻliga kirib qolgani sababli ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinishi mumkin boʻlgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga mahalla va jamoatchilik kafilliklari asosida yengilroq jazolar tayinlanib, oʻz oilalari bagʻrida qoldirildi, inson huquqlarini qoʻpol tarzda buzgan 60 nafar huquq-tartibot organi xodimlari jinoiy javobgarlikka tortildi.

Shu bilan birga, sud himoyasini taʼminlashdagi ortiqcha byurokratik toʻsiqlar saqlanib qolayotganligi, sud qarorlarini qayta koʻrishning bir-birini takrorlovchi bosqichlari mavjudligi, investorlar huquqlarining sud himoyasida boʻlishi yetarli darajada tashkil etilmaganligi va boshqa bir qator kamchiliklar sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq sohasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda koʻrish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda taʼminlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Sudyalar oliy kengashi va sudyalar hamjamiyati bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi asosida sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkazish;

maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinishi;

Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdargʻom tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;

fuqarolik ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari boʻyicha Urgut, Soʻx, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdargʻom tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari boʻyicha Boʻzatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqalʼa tumanlari sudlarini tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka hayʼatining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hayʼatlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqini berish.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi va Advokatlar palatasining 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni joriy etishni nazarda tutuvchi takliflari maʼqullansin:

a) sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;

b) jinoyat ishlarini sudda koʻrish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda koʻrib chiqilishiga toʻsqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish;

v) quyidagi tartiblarni joriy etish:

tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish;

davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga koʻra jinoyat ishini tugatish;

prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori boʻyicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud boʻlgan holdagina, suddan chaqirib olib oʻrganish;

qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qoʻzgʻatilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning koʻrilishida prokuror oʻz tashabbusi bilan ishtirok etishini istisno etish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish boʻyicha sudlov tarkibini (keyingi oʻrinlarda – Sudlov tarkibi) tuzish haqidagi taklifi maʼqullansin.

Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda –yirik investorlar) va davlat organlari oʻrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʻrish vakolati berilsin.

Belgilansinki:

investitsiyaviy nizolar boʻyicha yirik investorlarning, raqobatga oid ishlar boʻyicha taraflarning xohishiga koʻra, ushbu toifadagi ishlar bevosita Sudlov tarkibi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrilishi;

qolgan investitsiyaviy nizolar investorlarning xohishiga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudi tomonidan birinchi instansiya sudi sifatida koʻrilishi mumkin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida quyidagi tarkibiy tuzilma (lavozim)lar kiritilishiga rozilik berilsin:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tuzilmasida:

Oliy sud boshqarmalari faoliyatini tashkillashtirish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumiga hisobdor boʻlgan, Oliy sud raisining taqdimnomasiga asosan Oliy sud Plenumi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari lavozimi;

Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi;

Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi;

b) viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tuzilmasida matbuot xizmatlari.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi va Moliya vazirligining Sudyalar oliy maktabi Sud amaliyoti muammolarini oʻrganish markazini tugatish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabining Sud amaliyoti muammolarini oʻrganish markazini tugatish hisobidan boʻshayotgan 9 ta shtat birliklari Oliy sud tuzilmasida tashkil etilayotgan Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbari, boshqarma boshliqlariga nisbatan Oliy sud sudyalari uchun belgilangan, Oliy sudning boshqaruv xodimlari tarkibiga kiritilgan boshqa xodimlariga nisbatan esa, viloyat sudlari sudyalari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari tatbiq etilsin.

Bunda, qayd etilgan shartlar faqat muqaddam sudyalik lavozimida ishlagan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi, ushbu shaxslarning shu lavozimlarda ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshilishi va pensiya tayinlashda hisobga olinishi inobatga olinsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 1-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi, quyi sud tizimi sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy boʻlimlari xodimlari ish haqlari va qoʻshimcha toʻlovlarini toʻliqligicha Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirishga oʻtkazilishini hamda ish haqlari miqdorlarini oshirilishini nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Moliya vazirligi bilan birgalikda pensiya tayinlangan va sudya sifatida oʻz faoliyatini davom ettirayotgan shaxslarning pensiyalari yangi belgilanadigan sudyalar mehnatiga haq toʻlash shartlarini inobatga olgan holda qayta hisob-kitob qilinishini taʼminlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oliy sud bilan birgalikda ikki oy muddatda:

sudlarning faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishni yana-da kengaytirish dasturi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

2021-2025 yillarda sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturini tasdiqlasin.

9. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining va harbiy sudlari tizimining tashkiliy-shtat tuzilmalari 4-5-ilovalarga muvofiq;

tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining namunaviy tuzilmalari 6-9-ilovalarga muvofiq;

fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining tuzilmasi va tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarining yurisdiksiya hududlari 10-11-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

10. Belgilansinki, yangidan tashkil etilayotgan sudlar va boʻlinmalarni toʻldirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati tuzilmasiga qoʻshimcha boshqaruv xodimlari shtatlarini kiritish sudlar tizimini optimallashtirish natijasida boʻshaydigan shtat birliklari hisobidan amalga oshiriladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda 2020-yil 1-noyabrga qadar quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi tahrirdagi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritsin:

sudlarning tuzilishi, tuman (shahar), tumanlararo, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlarining, Rayosatining, Plenumining vakolatlari doirasi;

sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarga nisbatan qoʻyiladigan talablar;

sudyalar, sud raislari va rais oʻrinbosarlarini tayinlash (saylash) tartibi;

sudyalarning maqomi, ularning mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish;

sudyalarga nisbatan intizomiy ish faqat sudyalarning tegishli malaka hayʼatlari tomonidan qoʻzgʻatilishini nazarda tutgan holda, sudyalarning intizomiy javobgarligi, intizomiy ishni qoʻzgʻatish va koʻrib chiqish tartibi;

sudyalar vakolatlarini toʻxtatib turish, shuningdek, tugatish asoslari va tartibi;

sudyalarning moddiy taʼminoti va ularni ijtimoiy himoya qilish choralari.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan birgalikda yangidan tashkil etilayotgan sudlarning joylashtirilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Sudyalar oliy kengashi, Bosh prokuraturasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 12-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 24-iyul

 

OʻzА