O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Ochiqlik siyosati, boy madaniy merosimiz va turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash natijasida so‘nggi yillarda yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning soni bir necha barobar o‘sdi. Pandemiya ushbu sohaga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda turizm xizmatlarini jadal rivojlantirish, ayniqsa, infratuzilmani yaxshilash, ziyorat turizmi va ichki turizm imkoniyatlarini kengroq ishga solish, shuningdek, madaniy meros ob’ektlari muhofazasini kuchaytirishga oid ishlar samaradorligini tubdan oshirish zarur.

Shuningdek, sport sohasida – mahallalar va ta’lim muassasalarida sportni yanada ommalashtirish, ularda sport bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish orqali aholini, shu jumladan, yoshlarni sportning barcha turlariga keng jalb qilish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish orqali o‘g‘il-qizlarimiz, ayollarimiz salomatligini mustahkamlash, nuroniy onaxon va otaxonlarimiz umrini uzaytirish, Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari hamda xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun sportchilarimizning yanada puxta tayyorgarlik ko‘rishlariga barcha sharoitlarni yaratish lozim.

Ushbu vazifalar ijrosini samarali tashkil etish, yangi yondashuvlar asosida turizm va sport sohalaridagi boshqaruv sifatini yanada oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar tashkil qilinsin:

a) Turizm va sport vazirligi negizida:

Turizm va madaniy meros vazirligi;

Sportni rivojlantirish vazirligi;

b) Turizm va sport vazirligining hududiy bo‘linmalari negizida:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Sportni rivojlantirish vazirligining viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqarmalari, tumanlar (shaharlar) bo‘limlari.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

Turizm va madaniy meros vazirligi turizm va madaniy meros, Sportni rivojlantirish vazirligi esa sport sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organlari hisoblanadi;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi o‘z vakolatlari doirasida umummajburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;

turizm, madaniy meros va sport masalalariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari majburiy tartibda tegishincha Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi bilan kelishiladi;

davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek, respublikaning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligining murojaatiga ko‘ra tegishli ma’lumotlarni o‘rnatilgan tartibda taqdim etadi;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi Turizm va sport vazirligining tegishli huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar:

a) Turizm va madaniy meros vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

tashqi va ichki turizmni har tomonlama kengaytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqish hamda ularni turizm bozorlarida joriy qilish, turizm bo‘yicha nufuzli xalqaro va milliy tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish, xalqaro va davlatlararo standartlar hamda normalarni turizm faoliyati va amaliyotiga joriy etish, mamlakatning turizm imijini yanada rivojlantirish;

turizm turlarini ko‘paytirish, eng avvalo, ichki va ziyorat turizmi, ekologik turizm, etnoturizm, ishbilarmonlik turizmi, sport, gastronomik, tibbiy, ta’lim va ilmiy turizmni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish, respublika hududlarining turizm salohiyatidan kelib chiqib turizmning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, yangi turizm mahsulotlarini yaratish;

madaniy meros ob’ektlarini aniqlash, hisobga olish, muhofaza qilish, targ‘ib qilish, davlat reyestri, elektron katalogi, pasporti va davlat kadastrini yuritish, davlat nazoratini amalga oshirish, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar hujjatlarining normalari va tavsiyalarini implementatsiya qilish, tarixiy-madaniy hududlarning tarixiy-madaniy qimmati, noyobligi, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish;

turizm xizmatlarining tashqi va ichki bozorlarida marketingini olib borish, mamlakatimizning bebaho turizm salohiyatini ommalashtirish va targ‘ib qilish, milliy turizm mahsulotlari va brendlarining xalqaro turizm bozorlariga kirib borishiga yo‘naltirilgan faol reklama-axborot siyosatini amalga oshirish;

turizm infratuzilmasini shakllantirish, shu jumladan, turizm ob’ektlarini joylashtirish uchun salohiyatli hududlarda rejalashtirish va loyihalashtirish ishlarini tashkil etish, ularga investorlarni jalb qilish, turizm sohasida tadbirkorlik faolligi oshishiga har tomonlama ko‘maklashish, turizm ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda mazkur sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish;

b) Sportni rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada aholi, ayniqsa, bolalar va yoshlar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish, ommaviy sport turlari va sog‘lom turmush тaрзини yuritishga keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, ularni sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanishga jalb etish, sport ta’limi tizimini takomillashtirish va raqamlashtirish, sport turlari bo‘yicha yuqori natijador sportchilar zaxirasini yaratish;

sport infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, qishloq va chekka hududlarda sport ob’ektlarini ko‘paytirish, sport marketingini rivojlantirish, sport ob’ektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida samarali boshqarish hamda sohani bosqichma-bosqich to‘liq raqamlashtirish, nodavlat sport ob’ektlari va muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

mamlakatimizda professional sportni, shu jumladan, jamoaviy, qishki va ekstremal sport turlarini rivojlantirishni, ilg‘or xalqaro tajribani hisobga olgan holda, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barcha sport turlari bo‘yicha milliy chempionatlar darajasi va sifatini oshirish, xalqaro va mintaqaviy musobaqalar tashkil etish, nosog‘lom sportga qarshi tizimli choralar ko‘rishni ta’minlash;

Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo chempionatlari va boshqa xalqaro musobaqa va turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash uchun istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish)tayyorlash va mahoratini oshirishнинг, ular orasidan mamlakat terma jamoalari sifatli sport zaxirasi va tarkibini shakllantirishning samarali tizimini yaratishda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari) bilan hamkorlik qilish;

paralimpiya harakatini rivojlantirish, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sport bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish, infratuzilmasini yaratish, istiqbolli sportchilarni saralash (seleksiya qilish) va professional sportga yo‘naltirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash.

4. Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va sport vaziri lavozimi Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vaziri lavozimi etib qayta nomlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 iyundagi “Biznesning qonuniy manfaatlari davlat tomonidan muhofaza qilinishi va tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–5087-son Farmonining 3-bandiga ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Bosh vazir o‘rinbosari – turizm va madaniy meros vazirining funksional vazifalarini tasdiqlasin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritsin.

7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

         Prezidenti                          Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2022 yil 18 fevral