O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarori ijrosini ta’minlash hamda mintaqada ishlab chiqarish, mavjud texnika va texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatishning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, muhandislik ta’limini rivojlantirishda jahon tajribasini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini joylarda tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qaroriga muvofiq Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali (keyingi o‘rinlarda Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali deb ataladi) tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta’lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
3. Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilansin.
4. Quyidagilar:
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik va ilmiy-pedagogik bazasini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziriga, zarur hollarda, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2017-yil 1-sentabrgacha:
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida o‘quv-metodik jarayonning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv adabiyotlari, zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari va komputer texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
6. Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Termiz shahri, Sulton Saodat ko‘chasi, 288 “a”-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyining binolari va inshootlarini hududlari bilan Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining binolarida ijara to‘lovisiz joylashadi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturining 2019-yilga va keyingi yillarga parametrlarini shakllantirishda Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali obyektlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.
8. Belgilab qo‘yilsinki, Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filialini saqlash xarajatlari 2017-yilda “Maorif” sohasi bo‘yicha tasdiqlangan byudjet parametrlari doirasida, 2018-yildan boshlab esa mazkur sohaga har yili ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
9. Quyidagilar Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;
xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga 2 ta, shu jumladan, 1 ta xizmat va 1 ta maxsus yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 2-maydagi “Toshkent davlat texnika universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2524-son qarorining 1-ilovasi matni 3-ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 29-iyun
Respublikamizda kadrlarni tayyorlash, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga katta ahamiyat berilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-son qarorida belgilangan vazifalarni o‘z muddatida to‘liq hajmda ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, Surxondaryo vohasida ishlab chiqarish, mavjud texnika va texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatishning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish, muhandislik ta’limi rivojining jahon tajribasini hisobga olgan holda kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etishni yanada takomillashtirish va sifatini yaxshilash, talab qilingan xizmat ko‘rsatish sohasi yo‘nalishlarini rivojlantirishni rag‘batlantirish maqsadida qabul qilindi.
Bugungi kunga qadar Surxondaryo viloyatida yagona Termiz davlat universiteti faoliyat olib borgan bo‘lib, har yili abituriyentlardan eng ko‘p hujjat topshirish ushbu oliy ta’lim muassasasiga to‘g‘ri kelar edi. Bu yildan boshlab Surxondaryo viloyatida Termiz davlat universiteti bilan birgalikda yana ikkita oliy ta’lim muassasasining filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardan biri Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialidir.
Qabul qilingan qarorga ko‘ra, quyidagilar Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining eng muhim vazifalari etib belgilangan:
transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta’lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish yo‘nalishlari va qabul kvotasi vohaning oliy ma’lumotli muhandis-texnik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Qaror bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tashkil etish, uning moddiy-texnik va ilmiy-pedagogik bazasini ta’minlash chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi. Shuningdek, mazkur Dasturga muvofiq 2017-yil 1-sentabrgacha Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralari belgilandi.
Bundan tashqari, Surxondaryo viloyati hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining takliflariga ko‘ra Termiz shahri, Sulton Saodat ko‘chasi, 288 “a”-uyda joylashgan Termiz davlat universiteti qoshidagi Termiz akademik litseyining binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga foydalanishga berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, mamlakatimiz hududlarining izchil rivojlanib borayotgan iqtisodiyotini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, barcha soha va tarmoqlarni strategik jihatdan kompleks rivojlantirish masalalarini hal qilish borasida oliy ta’lim tizimi ishtirokini kengaytirish yo‘lidagi yana bir muhim amaliy qadam bo‘lib hisoblanadi.