O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining q a r o r i

Aholida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, kasalliklarni erta aniqlash va davolashning ilg‘or tajribasini joriy etish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 25 iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6035-son Farmoniga muvofiq:

1. Quyidagilar tibbiy profilaktikaning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

dastlabki profilaktika – qulay atrof-muhitni yaratish (ekologik ahvol, insonlarning mehnat, yashash va dam olish sharoitlarini yaxshilash), aholi salomatligiga salbiy ta’sir etuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishining oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan, unni fortifikatsiyalash, tuzni yodlashtirish;

birlamchi profilaktika – emlash, maqsadli skrining va tibbiy ko‘riklarni amalga oshirish, oqilona ish va dam olish, sport bilan muntazam shug‘ullanish, badantarbiya mashg‘ulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom
va to‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, inson salomatligi, ta’lim-tarbiyani yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish, aholining tibbiy madaniyatini oshirish;

ikkilamchi profilaktika – ma’lum sharoitlarda immun holatining kamayishi, o‘ta zo‘riqish, adaptiv yetishmovchiliklar sabab yuzaga keladigan kasalliklarning kelib chiqishi, avj olishi yoki qaytalanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan aniq xavf omillarini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va uni amaliyotga tatbiq qilish, shuningdek, tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

2021 yil 1 yanvardan boshlab 40 va undan yuqori yoshdagi fuqarolarda yurak qon-tomir xavfini (gipertoniya, infarkt, insult, qandli diabet va boshqa xavf omillarini) aniqlash bo‘yicha tizimli ravishda skrining tekshiruvlari o‘tkaziladi;

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz)ning tuman (shahar) bo‘limlari ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari binolarida joylashadi hamda ularning xodimlari (keyingi o‘rinlarda – jamoat salomatligi tizimi mutaxassislari) tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan bir qatorda fuqarolarga tibbiy-profilaktik xizmatlar (maslahatlar, ko‘riklar va boshqalar) ko‘rsatib boriladi;

mahallalarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va oliy hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga ko‘maklashuvchi volontyorlar (shu jumladan, nafaqadagi shifokorlar, o‘qituvchilar, ziyolilar va boshqalar) jamiyatlari tashkil qilinadi.

3. Quyidagilar jamoat salomatligi tizimi mutaxassislarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholi o‘rtasida shaxsiy va jamoat gigiyenasi, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishda ishtirok etish, aholini savol-javob va ko‘riklardan o‘tkazish orqali ularda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavf omillarini aniqlash va individual maslahat berish;

sog‘lom ovqatlanish tamoyillari, jismoniy faollik asoslari, shaxsiy gigiyenaning ahamiyati, zararli odatlarga berilmaslik bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish;

yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish borasida profilaktik tadbirlarni tashkil etish uchun hududda faoliyat ko‘rsatayotgan korxona, muassasa va tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish va amalga oshirish;

yuqumli kasalliklar ro‘yxatga olingan hududlarda ular bo‘yicha sog‘lomlashtirish tadbirini ishlab chiqish, hududiy tibbiyot xodimlari bilan tadbirlarni tashkil etish va ularning bajarilishini nazorat qilib borishda ishtirok etish.

4. Sog‘liqni saqlash vazirligi Markazni jalb qilgan holda mahallalar va aholi xonadonlarida, shu jumladan, uzoq va olis hududlarda aholi orasida sog‘lom turmushni shakllantirish, badantarbiya mashg‘ulotlarini kundalik turmush tarziga aylantirish, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish, ortiqcha vazn va semizlikni bartaraf etish, zararli odatlarga qarshi kurashish, fuqarolarning o‘z sog‘lig‘iga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borsin.

Moliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni sifatli va to‘liq amalga oshirish uchun:

respublika byudjeti va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Markazga 2021 yilda 2 milliard so‘m ajratsin;

2022 yil va kelgusi yillarda respublika byudjeti va mahalliy byudjet parametrlarida 2021 yilda ajratilayotgan mablag‘lardan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

Markaz (B.T.Odilova) bir oy muddatda mazkur bandga asosan ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish hamda aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Vazirlar Mahkamasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Milliy teleradiokompaniya, nodavlat teleradiokanallar hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda uch hafta muddatda sog‘lom turmush tarzini olib borish masalalariga bag‘ishlangan markaziy, hududiy va nodavlat telekanallarda “Salomatlik soati” va boshqa maxsus teleko‘rsatuvlar tashkil qilinishini ta’minlasin.

5. Vazirlar Mahkamasi huzurida Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtiruvchi komissiya) tashkil qilinsin va uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

jamoat salomatligini muhofaza qilish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va kasalliklar profilaktikasi sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini ularning yaqindan hamkorligi, samaradorligi va ish uyg‘unligini ta’minlash maqsadida muvofiqlashtirish;

mazkur qarorda nazarda tutilgan barcha chora-tadbirlarning to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida ijrosini tashkil etish;

kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha dastur va chora-tadbirlarning har bir viloyat, tuman (shahar) doirasida amalga oshirilishini hamda mas’ullar tomonidan ularning so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;

kasalliklar yuzaga kelishining oldini olishga va ularni kamaytirishga, ularning yuqish yo‘llari va omillariga ta’sir ko‘rsatishga va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan asoratlar oqibatlarini tugatishga qaratilgan profilaktik tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etish;

jamoat salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi tizimli kamchiliklarning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etilishini tashkil etish;

barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini, shu jumladan, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy faollik, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishini ta’minlash;

aholi orasida sog‘lom turmush tarzining asoslari, jumladan, sog‘lom ovqatlanish va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlash, zararli odatlarga qarshi kurashish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ibot ishlari tashkil etilishini ta’minlash;

sanitariya-gigiyena, epidemiyaga qarshi, zamonaviy va yakka tartibdagi chora-tadbirlar asosida sog‘liqni saqlash va mustahkamlashning ijtimoiy-profilaktik yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona, muassasa va tashkilotlar faoliyatini birlashtiruvchi, aholi salomatligini muhofaza qilish, targ‘ib etish va rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi yaxlit tizim yaratilishini ta’minlash;

aholi salomatligi holatini monitoring qilishning yagona interaktiv tizimini yaratish va bu borada zamonaviy axborot hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etilishini tashkil etish;

xalqaro standartlar asosida doimiy populyatsiya tekshiruvlari va kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillari bo‘yicha tadqiqot hamda so‘rovlar o‘tkazilishini tashkil qilish.

6. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi komissiya ishini tashkil etish, soha bo‘yicha vazirlik va idoralarning respublika – viloyat – tuman darajasidagi vazifalari taqsimoti 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki:

Sog‘liqni saqlash vazirligi Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning ishchi organi hisoblanadi;

Muvofiqlashtiruvchi komissiyaning o‘z vazifalari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar uchun bajarilishi majburiydir;

Muvofiqlashtiruvchi komissiya o‘z vazifalarini amalga oshirishda tegishli vazirlik va idoralar unga vakolatlari doirasida har tomonlama ko‘mak beradilar hamda so‘ralgan zarur ma’lumotlarni taqdim etib boradilar;

Sog‘liqni saqlash vazirligi kasalliklar profilaktikasi va jamoat salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar va chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritib boradi.

7. Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda respublikaning olis va chekka hududlarida oilaviy shifokor, tor soha mutaxassislari va patronaj hamshiralariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash hamda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida har bir tibbiyot muassasasida zarur shtat birliklarini joriy qilish asosliligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot-tahlil ma’lumotnoma kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga
3-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin.

9. Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.M.Xadjibayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh.Inoyatov, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i B.K.Yusupaliyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi

           Prezidenti                   Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2020 yil 12 noyabr