Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
q a r o r i
Umumiy oʻrta taʼlim tizimida ilgʻor xalqaro tajriba va jamiyatning zamonaviy talablariga muvofiq sifatli taʼlim olish imkoniyatlarini yaratish, xalq taʼlimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va byudjetdan mablagʻ bilan taʼminlashning samaradorligini oshirish, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mavjud holati ularning faoliyatidagi tizimli muammolar va kamchiliklarni tezkor bartaraf etish mexanizmlarini yaratish, qishloq va shahar maktablarining moddiy-texnik taʼminoti va taʼlim berish sifatidagi tafovutni qisqartirish hamda oʻquvchi-yoshlarning taʼlim olishlari uchun teng shart-sharoitlar yaratish zarurligini koʻrsatmoqda.
Yangi turdagi umumtaʼlim muassasalarini barpo etish va muqaddam qurilgan binolarni bosqichma-bosqich zamon talablariga moslashtirish, oʻquv-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash, taʼlim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish orqali umumiy oʻrta taʼlimni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Qurilish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va tizimida umumiy oʻrta taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralarning ilgʻor arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalar asosida barpo etiladigan hamda jihozlanadigan, xalqaro talablar asosida sifatli taʼlim-tarbiya berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2020-yil 1-martga qadar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilgʻor texnologiyalar va muhandislik yechimlarini qoʻllashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini;
b) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlashning yangi meʼyorlarini;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda:
“Zamonaviy maktab”larga qoʻyiladigan talablarni, shu jumladan, mazkur maktablarning darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlanganlik darajasiga, oʻquv-tarbiya jarayoniga hamda darsdan tashqari faoliyatiga hamda rahbar va pedagog kadrlariga qoʻyiladigan talablarni;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab”larga qoʻyiladigan talablar asosida baholash tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktablar”ga qoʻyilgan talablar asosida baholash boʻyicha masʼul tashkilot hisoblanadi;
“Zamonaviy maktablar”ga qoʻyiladigan talablarga mos keladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tegishli darajadagi muvofiqlik sertifikati beriladi;
2020-yil 1-martdan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash, moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar, “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash meʼyorlari asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” davlat unitar korxonasining qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab”ga qoʻyilgan talablar asosida baholash orqali ularga muvofiqlik sertifikatini berish;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini baholash jarayoniga tegishli davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, yetakchi xorijiy konsalting kompaniyalarini jalb etish;
zamonaviy va shaffof baholash uslublarini joriy etish boʻyicha ilgʻor tajribani ommalashtirish;
“Zamonaviy maktab” talablari asosida baholash boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini aniqlashning elektron platformasini ishlab chiqish va uning yuritilishini taʼminlash;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablariga muvofiqlashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish.
5. Quyidagilar:
2020-2022 yillarda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning asosiy parametrlari (keyingi oʻrinlarda – asosiy parametrlar) 1-ilovaga muvofiq;
2020-2022 yillarda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashning manzilli dasturlari (keyingi oʻrinlarda – manzilli dasturlar) 2a, 2b va 2v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki:
asosiy parametrlar va manzilli dasturlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirish va amalga oshirishning sifat jihatidan yangi tizimiga oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5717-son Farmoniga muvofiq investitsiya dasturlari doirasida tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash ularni toʻliq jihozlash bilan birgalikda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan:
a) yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan hamda mukammal taʼmirlanadigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) yuzasidan xaridlarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi etib Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi “Oʻquv taʼlim-taʼminot” davlat unitar korxonasi;
b) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha buyurtmachi etib:
Toshkent shahrida – “Xalq taʼlimi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obyektlari sifatini monitoring qilish boʻyicha injiniring kompaniyasi” davlat unitar korxonasi (keyingi oʻrinlarda – “Injiniring kompaniyasi” DUK);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalar belgilansin.
7. “Injiniring kompaniyasi” DUK “Zamonaviy maktab” talablari asosida namunaviy loyihalarni ishlab chiqish uchun buyurtmachi etib belgilansin hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha amalga oshiriladigan loyihalash va qurilish-montaj ishlarini “Zamonaviy maktab” talablari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlariga mos ravishda sifatli bajarilganligi ustidan nazorat olib borsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli viloyatlar hokimliklari huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyalari:
a) umumiy oʻrta taʼlim muassasalari uchun:
loyihalarning “Injiniring kompaniyasi” DUK texnik topshirigʻi asosida ishlab chiqilishi va kelishilishini;
loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish boʻyicha “Injiniring kompaniyasi” DUK bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzilishini taʼminlasin;
b) “Injiniring kompaniyasi” DUKga umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan yakuniy nazorat amalga oshirilishi uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etsin.
9. Belgilansinki, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash jarayonida sifatsiz bajarilgan, belgilangan texnik talablarga mos kelmagan holda bajarilgan hamda ortiqcha hajmda koʻrsatilgan qurilish-montaj ishlari boʻyicha undirilgan summalarning 90 foizi tegishli obyektlardagi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun boʻysunuviga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, 10 foizi esa “Injiniring kompaniyasi” DUKning maxsus hisobraqamiga xodimlarni ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlariga yoʻnaltiriladi.
10. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-2022 yillarda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini:
yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash –Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar mablagʻlari;
mebel, oʻquv-laboratoriya, sport anjomlari va oʻqitishning texnik vositalari bilan taʼminlash – Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturi doirasida markazlashtirilgan investitsiyalar mablagʻlari, xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari;
kompyuter texnikasi va ichki lokal tarmoq (tarmoq uskunalari) bilan taʼminlash – xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari;
zamonaviy isitish tizimi bilan taʼminlash – Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning 2a, 2b va 2v-ilovalarida nazarda tutilmagan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida kompleks rivojlantirishni amaliyotga tatbiq etish uchun xalqaro moliya institutlari kredit va grantlarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3931-son qarorining 5-bandi oltinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti | Sh.MIRZIYOYEV |
Toshkent shahri,
2019-yil 26-noyabr
OʻzА