Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni
Mamlakatda turizmni milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, hududlarni jadal rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining daromadlari va turmush darajasini oshirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni taʼminlovchi strategik tarmoqlardan biri sifatida rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Viza rejimining liberallashtirilishi, chet el fuqarolarini roʻyxatga olish tartibining soddalashtirilishi, turizm tarmogʻini rivojlantirish uchun imtiyoz va preferensiyalar berilishi milliy turizm salohiyatini ichki va tashqi bozorlarda samarali targʻib qilish imkonini berdi.
Shu bilan birga, oʻtkazilgan tahlillar turizm tarmogʻini tartibga soluvchi normativ-huquqiy asosning nomukammalligi, alohida turizm xizmatlarini koʻrsatish qoidalarining, shuningdek chet el fuqarolarining toifalari, boʻlish muddatlari va maqsadlari boʻyicha dunyo amaliyotida keng qoʻllaniladigan alohida viza rejimlarining mavjud emasligini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, joylashtirish vositalari va infratuzilma obyektlarining, ayniqsa turizm mavsumida yetishmasligi, turli transportlarda yoʻlovchilarni tashish tizimining yetarli darajada muvofiqlashtirilmaganligi, shuningdek, turistlarni mavjud turizm salohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlashni tashkillashtirish darajasining pastligi, ichki turizmni, mamlakat hududlaridagi madaniy meros obyektlarining va ziyoratning oʻziga xosliklarini targʻib qilish boʻyicha marketing kampaniyalarining samarasizligi turizmni jadal rivojlantirishga salbiy taʼsir qilmoqda.
Turizmni, avvalambor, xususiy sektorda rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va sifatini oshirish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida faol va kompleks ravishda targʻib qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga 2018 yil 28 dekabrda qilgan Murojaatnomasida bildirilgan takliflarni amalda tatbiq etish maqsadida hamda 2017–2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Quyidagilar:
a) quyidagilarni nazarda tutuvchi 2019–2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq:
turizm faoliyati sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, turizmni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan xalqaro meʼyor va standartlarni implementatsiya qilish;
turizm infratuzilmasini rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish;
transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yoʻnalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirish;
turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish;
respublika ichida turizm xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni qondirishga yoʻnaltirilgan turizm faoliyati subyektlarining faolligini ragʻbatlantirishni taʼminlovchi ichki turizmni rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi turizm mahsulotini xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilish, mamlakatning sayohat va dam olish uchun xavfsiz sifatidagi imidjini mustahkamlash;
turizm tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
Belgilansinki, Konsepsiya har yillik alohida chora-tadbirlar rejasini tasdiqlagan holda, uning asosiy yoʻnalishlari va maqsadli parametrlarining tegishli davr mobaynida bajarilishiga qarab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
b) 2019–2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha 2019 yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda – Chora-tadbirlar rejasi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tegishli yil boʻyicha Chora-tadbirlar rejasining bajarilishi yakunlarini tahlil qilgan holda har yili 1 dekabrga qadar keyingi yil uchunChora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ–3217-son qaroriga asosan tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (A.N.Aripov) quyidagilarni taʼminlasin:
barcha rejalashtirilgan chora-tadbirlarning samarali tashkil etilishi, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi boʻyicha vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Konsepsiya va Chora-tadbirlar rejasining vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishini monitoring qilish, shuningdek, har chorakda ushbu Farmonning bajarilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga batafsil maʼlumot kiritib borish;
xorijda Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish va xorijiy turistlarni jalb qilishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha “Yoʻl xaritasini” har yil tasdiqlash;
har yillik Chora-tadbirlar rejasining bajarilishidan kelib chiqib, lozim boʻlganda, Konsepsiya parametrlariga oʻzgartirish kiritish.
3. 2019 yil 1 fevraldan boshlab 3-ilovaga muvofiq mamlakatlarning fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirgan kundan eʼtiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2019 yil 1 fevraldan boshlab fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega boʻlgan mamlakatlar roʻyxatini 4-ilovaga muvofiq kengaytirish;
b) 2019 yil 15 martdan boshlab 30 kunlik amal qilish muddati boʻlgan elektron kirish vizasining quyidagi turlarini berish tizimini joriy etish:
ikki martalik, konsullik yigʻimi 35 AQSH dollari miqdorida;
koʻp martalik, konsullik yigʻimi 50 AQSH dollari miqdorida;
v) Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun 5-ilovaga muvofiq qoʻshimcha (elektron boʻlmagan) kirish vizalari toifalarini berishni joriy etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrif buyuradigan xorijiy fuqarolarning ayrim guruhlari uchun qoʻshimcha (elektron boʻlmagan) vizalari toifalarini joriy etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrcin.
5. 6-ilovaga muvofiq xorijiy mamlakatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqi taqdim etilsin.
Belgilansinki, ushbu huquq:
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida – 400 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;
Samarqand, Buxoro, Namangan, Andijon, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida – 200 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublikaning boshqa viloyatlarida – 100 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda koʻchmas mulkni sotib olgan taqdirda beriladi.
6. Oʻzbekistonning logistika jozibadorligini tubdan yaxshilash, shuningdek, mahalliy aeroportlarda parvozlarga xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda – Ishchi guruh) 7-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:
birinchi navbatda Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi, tashiladigan yoʻlovchilar soni va investitsiyalarni koʻpaytirish uchun respublikadagi transport aloqa tizimini tubdan yaxshilash;
“ziyorat” turizmi yoʻnalishi orqali turistlar oqimini oshirish, shu jumladan Indoneziyadan doimiy aviaqatnovlarni ochish uchun aviakompaniyalarni jalb qilish masalalarini tezkorlik bilan hal etish;
turistlar oqimini jalb qilish maqsadida parvozlarning strategik muhim yoʻnalishlarini aniqlash;
mamlakat aeroportlarida yangi yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida xorijiy tashuvchilar uchun moslashuvchan chegirma va preferensiyalar tizimini ishlab chiqish;
oʻzaro bogʻlovchi qatnovlarni, shu jumladan “mavsumdan tashqari” davrda tashkil etish orqali uzoq magistral yoʻnalishlarda yoʻlovchilar sonini koʻpaytirish;
xorijiy va mahalliy aviakompaniyalar bilan muzokaralar oʻtkazish, shuningdek, ularning takliflarini koʻrib chiqish va ularni aeroportlar boʻyicha toʻgʻri taqsimlash;
charter reyslarini kelishish mexanizmini soddalashtirish;
mamlakatdagi ayrim aeroportlarda “Ochiq osmon” rejimini joriy etish;
mahalliy aviakompaniyalar tashkil etilishiga koʻmaklashish maqsadida normativ-huquqiy bazani qayta koʻrib chiqish;
mamlakat ichkarisida intermodal tashuvlarni (avtobus, temir yoʻl va aviatashuvlar) taʼminlash uchun turistlarning transport tashuvini yanada rivojlantirish boʻyicha hujjatlarni ishlab chiqish;
aviakompaniyalar xarajatlarini kamaytirish va isteʼmolchilar uchun aviachiptalar narxini optimallashtirish;
mamlakat viloyatlari oʻrtasidagi ichki aviatashuvlar yoʻnalishlari sonini koʻpaytirish;
xorijiy yetkazib beruvchilardan aviakerosin sotib olish mexanizmini xarid jarayonida shaffoflik va raqobatni taʼminlagan holda takomillashtirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Avtomobil transporti agentligi, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda reyslarni (avtobus, avia va temir yoʻl) qulay tarzda bogʻlovchi yoʻl chiptalarini sotishni nazarda tutuvchi respublika transport tizimining yagona elektron portalini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida tashkil etsin hamda uning ishlash tartibini belgilasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalarini tushuntirishga qaratilgan nashrlar va tematik dasturlarni tashkil etsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev