Surxondaryo viloyati iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish davom etmoqda.
Viloyat hokimi, tuman hokimlari oldida joriy yilda investitsiyalarni 3 milliard dollarga, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi turgani qayd etildi.
Hududda kambag‘allikni 2,8 foizga, ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, Termiz shahri, Angor, Denov, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq va Muzrabotni “kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish muhim ekani ta’kidlandi.
Viloyat iqtisodiyotida sanoatning ulushi so‘nggi 9 yilda 5 karra o‘sib, 10 foizga yetdi. Lekin bu hali ham kamligi qayd etildi.
Viloyatda 100 million tonna ko‘mir zaxirasi bo‘lgani bilan yiliga atigi 1 foizi qazib olinyapti. Joriy yilda Boysundagi “Sanjar”, Oltinsoydagi “Oqsuv”, kelasi yil “Fangart” konlarida ko‘mir qazib olishni boshlash topshirildi.
Janubiy Afrikaning “Sosol” kompaniyasi ko‘mirdan polipropilen, polietilen va kauchuk ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan. Sariosiyodagi “Qorakon”, “Jemsonit”, “Chuqur”, “Bayram-1” konlariga ham xitoylik investorlar 1 milliard dollar kiritishga tayyor.
Umuman, mazkur zaxiralar – elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, metallurgiya, avtomobilsozlik tarmoqlari uchun tayyor xomashyo bazasi. Bu konlar atrofida sanoat korxonalarini joylashtirish bo‘yicha hisob-kitob qilib, kamida 200 million dollarlik loyihalarni shakllantirish topshirildi.
Boysundagi “Bezaktop” konida sifati Eron, Turkiya, Italiya bilan raqobatlasha oladigan tabiiy tosh zaxiralari o‘rganilmay turibdi. Bunday toshlar zaxirasi bo‘lgan konlarda geologiya ishlarini boshlashga ko‘rsatma berildi.
O‘zA