Qimmatli qogʻozlar bozorinirivojlantirishda hamkorlik

Oʻzbekistonning Fond bozorini tartibga solish masalasida boshqa mamlakatlar bilan hamkorligini kengaytirishga koʻmaklashish tadbirlari doirasida Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkilotining katta maslahatchisi, kuzatuv va hamkorlikni taʼminlash boʻlimi boshligʻi Izabel Pastor xonim va mustaqil maslahatchi Filis Sela xonim mamlakatimizda boʻldi.

1983-yilda asos solingan Qimmatli qogʻozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti (International organization of securities commissions, IOSCO) qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga soluvchi milliy organlarni oʻzida birlashtirgan xalqaro moliya tashkilotidir. Tuzilma bosh qarorgohi Ispaniyaning Madrid shahrida joylashgan.

128 mamlakat fond bozorlarining davlat tartibga soluvchilari IOSCOning teng huquqli aʼzosi hisoblanadi. Tashkilot delegatsiyasining tashrifidan maqsad Maslahatlar, hamkorlik va maʼlumot almashish boʻyicha oʻzaro koʻp tomonlama anglashuv memorandumi doirasida Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazining IOSCOga aʼzo boshqa mamlakatlar davlat tartibga soluvchilari bilan oʻzaro hamkorligini tashkillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdir.

2002-yilda tasdiqlangan ushbu memorandum global bozorni zaiflashtiradigan va sarmoyadorlar ishonchiga putur yetkazadigan transchegaraviy qallobliklar va jinoyatlarga qarshi hamkorlikda kurashishda maslahatlar oʻtkazish, hamkorlik qilish va maʼlumot almashish tartiblarini belgilaydi.

2017-yil noyabr oyida boʻlib oʻtgan IOSCOning Skrining guruhi uchrashuvida markazning mazkur memorandumga qoʻshilish boʻyicha talabnomasi koʻrib chiqilgan edi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonga bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tadbirlar oʻtkazish taklif etilgan.

Tashrif doirasida IOSCO vakolatli vakillarining tegishli vazirlik va idoralarda uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu muloqotlarda Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha davlat vakolatli organining rolini yanada kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

 

OʻzA