O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini qonuniylashtirish yanada soddalashtirilmoqda

12

O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish maqsadida qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun 2024 yil noyabrda kuchga kirgan edi. O‘tgan davrda bu borada bir qator ishlar amalga oshirildi.

Endilikda bunday ob’ektlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlarini yanada tezlashtirish maqsadida ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Parlament quyi palatasi majlisida mazkur qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi. Unda adliya vaziri o‘rinbosari Mirjalol Allaquliyev 1 yil davomida mazkur qonun doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, bugunga qadar hududlarda 27 ming 761 ta ob’ektga nisbatan huquqlar e’tirof etildi. Yana 8 mingga yaqin ob’ekt xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilmoqda.

Amaliyot bu sohada ko‘plab muammolar borligini ko‘rsatmoqda. Xususan, ob’ektlarning soliq qarzdorligi borligi, muddatlarning ko‘pligi kabi holatlar ushbu tartiblarni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Masalan, joriy 1 dekabr holatiga ko‘ra, 243 mingdan ortiq yoki tizimga kirgan 60 foiz ob’ektning 4 milliard 935 million so‘m qarzdorligi mavjud bo‘lgani bois ularga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ishlari to‘xtab turibdi.

Shu bois, qonun loyihasida vakolatli tashkilotlar va adliya organlari tomonidan yig‘ma jild hujjatlarini ko‘rib chiqish hamda e’lon berish muddatlarini qisqartirish, yakka tartibdagi uy-joylar qurish orqali ortiqcha egallangan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etishda bozor qiymati o‘rniga qat’iy belgilangan miqdorda bir martalik to‘lov undirish nazarda tutilmoqda.

Bir martalik to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilgan taqdirda, avtomatik ravishda 50 foiz chegirma qo‘llash, to‘lovlar belgilangan muddatda amalga oshirilmagan taqdirda, tuman (shahar) soliq inspeksiyasi va tegishli shaxslar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida to‘lovlarni 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda.

Bino va inshootlar qurilishi taqiqlangan hududda joylashgan taqdirda, uni to‘liq rad etmasdan yer uchastkasining qurilishi taqiqlangan hududiga tushgan qismini chegirib tashlagan holda qolgan qismiga nisbatan huquqlarni e’tirof etish ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, soliq qarzdorligi bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lgan taqdirda, shu jumladan, belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda ham ushbu ko‘chmas mulk ob’ektlariga nisbatan mazkur qonun talablariga muvofiq huquqlarni e’tirof etish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, “O‘zkosmos” agentligi tomonidan binolar va inshootlar qurilgan davrni aniqlashning texnik imkoniyati mavjud bo‘lmaganda (ushbu davrga tegishli bo‘lgan kosmik suratlar mavjud bo‘lmaganda) qonunda ko‘rsatilgan muddatga eng yaqin bo‘lgan oldingi va keyingi kosmik suratlar asosida xulosa berilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bilan binolar va inshootlar, shu jumladan yakka tartibdagi uy-joylar xususiylashtirilgani yoki xususiylashtirilmagani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritishga (biriktirishga) mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ham mas’ul etib belgilanmoqda.

Qonun loyihasining zarurati, fuqarolar manfaatlariga xizmat qilishi e’tirof etilib, birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA