O‘zbekiston va MDH: umumiy taraqqiyot va xavfsizlik makoni

8

21 dekabr O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga a’zo bo‘lgan kun.

O‘lkamiz tashqi siyosati uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan xalqaro mintaqaviy integratsion tuzilmalardan biri – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hisoblanadi. Mazkur tuzilma bugungi kunga qadar ancha murakkab bo‘lgan shakllanish va rivojlanish yo‘lini bosib o‘tdi.

Aytish kerakki, mazkur tashkilot siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalarida qo‘shma hamkorlik mexanizmlarini jamlab, davlatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish uchun muhim maydon hisoblanadi. Bu jarayonlarda diyorimiz o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish bilan bir qatorda, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga ham hissa qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekistonning MDHdagi ishtiroki bir qator asosiy yo‘nalishlarda namoyon bo‘ldi. Mamlakatimiz siyosiy yo‘nalishda qo‘shni davlatlar bilan chegaraviy munosabatlarni barqarorlashtirish va mintaqadagi nizolarning oldini olish uchun faol tadbirlar amalga oshirdi. Qolaversa, yurtimiz tuzilma doirasidagi siyosiy maslahatlashuvlarda faol ishtirok etib, qo‘shma qarorlarni qo‘llab-quvvatladi va o‘z pozitsiyasini ilgari surdi. Bu holat respublikamizning siyosiy ta’sirini mustahkamlab, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.

Iqtisodiy sohada ham O‘zbekiston faol ishtirok etdi, deyish mumkin. MDH doirasida qo‘shma iqtisodiy loyihalar va savdo aloqalarini kengaytirishda amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini tashkil qilish, transport va energetika yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish orqali mintaqaviy integratsiyani mustahkamladi. Shu bilan birga, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ichki bozorni rivojlantirishda ham tuzilma mexanizmlaridan foydalanildi. Bu qadamlar nafaqat milliy iqtisodiyotni mustahkamlash, balki butun mintaqada iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish imkonini berdi.

Madaniy va gumanitar sohalaridagi hamkorlik o‘lkamizning MDHdagi faoliyatida alohida ahamiyatga ega. Madaniy almashuvlar, ta’lim va fan sohasidagi qo‘shma dasturlar mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro tushunish va ishonch muhitini mustahkamladi. Shu yo‘nalishda, masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ta’lim sohasidagi qo‘shma dasturlar va talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu madaniy aloqalar siyosiy va iqtisodiy sohalardagi hamkorlikning samaradorligini oshirishga xizmat qildi, chunki madaniy integratsiya mintaqada barqaror hamkorlikning fundamental qismi hisoblanadi.

Havfsizlik va mudofaa sohasida O‘zbekiston MDHning qo‘shma mexanizmlaridan foydalanib, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda faollik ko‘rsatdi. Qo‘shma harbiy mashqlar, terrorizm va transchegaraviy tahdidlarga qarshi hamkorlik, chegara xavfsizligi masalalarida qo‘shma chora-tadbirlar mamlakatning milliy xavfsizligini mustahkamlash bilan birga, butun mintaqa barqarorligini ta’minladi.

Vatanimizning tuzilmadagi tashabbuslari nafaqat milliy manfaatlarni ta’minlash, balki mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash va qo‘shni davlatlar bilan uzluksiz hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini ham berdi. Bu faoliyatning barcha yo‘nalishlari o‘lkaning mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy ustuvorliklarini ta’minlashda muhim mexanizm sifatida xizmat qildi. Shuningdek, yurtimizning MDHdagi faol ishtiroki global siyosiy jarayonlarda pozitsiyasini mustahkamlash va xalqaro maydonda o‘z ta’sirini oshirish imkoniyatini berdi.

Musulmon Ziyo, O‘zA