Tanzila Norboyeva: Jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish – Yangi O‘zbekiston uchun fundamental qadriyatga aylandi

16

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, sa’y-harakatlar nafaqat yurtimiz taraqqiyoti, balki butun mintaqada barqarorlik va hamkorlik muhitini mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shmoqda.

Bundan sakkiz yil oldin Prezidentimiz BMT minbaridan turib, Markaziy Osiyoni tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik makoniga aylantirishga qat’iy qaror qilinganini dunyo hamjamiyatiga e’lon qilgan edi.

Senat yalpi majlisi davomida ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Senat Raisi Tanzila Norboyeva o‘tgan davr mobaynida ushbu strategik maqsad yo‘lida qo‘shni davlatlar bilan bahamjihat ish olib borilgani, misli ko‘rilmagan natijalarga erishilganini e’tirof tdi.

– Prezidentimizning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” maqolasi mazkur jarayonlarning ma’no-mohiyati va tarixiy ahamiyatini ochib berdi, – dedi T.Norboyeva. – O‘tgan oyda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy hamkorlikning mutlaqo yangi davri boshlanishiga zamin yaratdi. Unda ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqamizning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Qardosh Ozarbayjon Respublikasining Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qabul qilingani o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi. Birgalikda barqaror rivojlanishning yangi imkoniyatlarini yaratadi.

Mintaqaviy barqaror rivojlanish haqida gap ketganda o‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan yana bir muhim tadbir – Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5 + 1” formatidagi sammiti ahamiyatini alohida e’tirof etish lozim.

Mazkur anjuman Markaziy Osiyo va AQSH o‘rtasidagi strategik muloqotning yangi bosqichini boshlab beradi va, umuman, mintaqaviy va global aloqalarning yangi imkoniyatlariga zamin yaratadi.

Prezidentimiz tomonidan ushbu format doirasida ilgari surilgan tashkiliy-institutsional hamda progressiv  tashabbuslar o‘zaro hamkorlikning yanada kengayishiga va amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qiladi.

Yaqinda qo‘shni Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik va ishonch xalqaro forumi doirasidagi oliy darajadagi muloqotlarda mamlakatimiz yetakchisi ilgari surgan g‘oya, tashabbuslar jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish – Yangi O‘zbekiston uchun fundamental qadriyatlar ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Norgul Abduraimova,

Nosirjon Haydarov (surat),

O‘zA