Rasmiy tashrifning har daqiqasi muhim: Ko‘ksaroydagi an’ana haqida bir og‘iz so‘z (+video)

89

Prezidentlar darajasidagi rasmiy tashriflar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning eng yuksak ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Bu shunchaki protokol marosimi emas. U mamlakatning diplomatik madaniyati, tashkilotchilik salohiyati va xalqaro obro‘sini namoyon etuvchi muhim voqelikdir.

Shunday uchrashuvlarda har bir jihat, har bir daqiqa e’tibor markazida bo‘ladi. Bunda ramz va ma’no uyg‘unlashadi.

Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tadigan rasmiy kutib olish marosimlarida faxriy qorovul saf tortadi. Ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarilgan bo‘ladi. Madhiyalar yangraganda esa butun maydonni hurmat, samimiyat va tenglik ruhi qamrab oladi.

Bu holatlarda hatto eng maydadek tuyulgan jihatlar ham katta ma’no kasb etadi. Qaysi davlat bayrog‘i qaysi tomonda turishi, qaysi madhiya birinchi yangrashi, yetakchilar faxriy qorovul oldidan qay tartibda o‘tishining barchasi xalqaro protokol talablariga mos ravishda bo‘ladi. Bu tenglik va hurmat ramzi sifatida belgilangan.

Aslida, bu marosim diplomatik an’analarning bir qismi sanaladi. U orqali davlatlar o‘rtasidagi ishonch va samimiyat darajasi ko‘rinadi. Davlat rahbarini qanday kutib olish butun mamlakatni qanday qadrlash bilan barobar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham bu marosimlarda yuksak madaniyat, milliy iftixor va mehmondo‘stlik ruhi yaqqol seziladi.

Ko‘ksaroy qarorgohida 28 oktyabr kuni ana shunday yuksak ruhdagi marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib oldi.

Qo‘l berib ko‘rishish, bayroqlarning yengil hilpirashi, madhiyalar yangrashi kabi holatlar ikki xalq o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi haqida so‘zladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro maydonda ochiq, tinchlikparvar va ishonchli hamkor sifatida tan olinmoqda. Bunday rasmiy marosimlar esa mamlakatimizning diplomatik madaniyati, nufuzi va tashqi siyosiy yo‘nalishidagi izchillikni yana bir bor namoyon etadi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri