“BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz” — Prezident
Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Bosh Assambleyaning 80-sessiyasida nutq so‘zlab, qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
— Bugungi yig‘ilishimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan murakkab global vaziyatda o‘tmoqda, — dedi davlat rahbari. — Bu esa tashkilotimiz faoliyati va uning kelajagiga yangicha yondashuvlar bilan qarashga chorlamoqda.
Prezident hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashayotganini, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchayganini, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshayotganini, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib borayotganini ham alohida ta’kidladi.
— Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda. Biz Bosh kotib Antoniu Guterrish Janobi Oliylarining eng og‘ir va o‘tkir global masalalarni murosa bilan hal etish uchun tashkilotimizni asosiy platforma sifatida saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yuksak baholaymiz, — dedi davlatimiz rahbari o‘z nutqida.
Bu borada “BMT – 80” tashabbuslari to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqlik tasdiqlandi.
— Biz zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirish tarafdorimiz, — deydi O‘zbekiston yetakchisi.
O‘zA