Toshkent va Samarqand shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi

Toshkent va Samarqand shaharlarida 10-13 sentyabr kunlari “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Love Your Neighbor Community” – LYNC nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Islom sivilizatsiyasi markazi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi.
Mazkur tadbir 2022 yil Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o‘tkazilgan, keyinchalik BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida e’tirof etilgan Buxoro deklaratsiyasi qabul qilinishi bilan yakunlangan forumning mantiqiy davomidir.
2016 yildan buyon Marokash, Makka, Jakarta, Potomak, Punto-del-Este kabi shaharlar mezbonlik qilgan ayni yo‘nalishdagi tadbirlar ma’rifat, diniy erkinlik va bag‘rikenglik madaniyati g‘oyalari ilgari surilgan nufuzli xalqaro maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Ushbu forumlarning har biri konseptual hujjatlar – tegishli nomdagi deklaratsiyalar qabul qilinishi bilan yakunlangan.
O‘zbekistonda forum ilk bor 2019 yil o‘tkazildi va shundan buyon dunyo hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy hamda diniy-falsafiy merosi, mamlakatimizning jamiyatda konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, do‘stlik va o‘zaro anglashuv muhitini ta’minlash borasidagi o‘ziga xos tajribasini namoyish etish imkonini beruvchi nufuzli xalqaro anjuman maqomini oldi. Bu gal esa diyorimizga 15 mamlakat, jumladan AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Indoneziya va Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan 50 nafarga yaqin yetakchi dinshunos, ilohiyotchi olim, ekspert va yuqori martabali shaxslar kelishi kutilyapti.
Forum yakunida jahon hamjamiyatiga qarata yakuniy Murojaatnoma qabul qilinadi. Mazkur muhim hujjatda diniy ozchilik huquqini himoya qilish, diniy e’tiqod asosida kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, diniy ma’rifatni zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish vositasi sifatida rivojlantirish, e’tiqod erkinligini insonning umumbashariy huquqi sifatida tasdiqlash hamda diniy yoki madaniy qarashidan qat’i nazar, barcha insonlar teng huquqqa egaligini rag‘batlantirishga chaqiriladi.
Umuman, “Deklaratsiyalar muloqoti” II xalqaro forumi natijasi global xilma-xillik sharoitida diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, saxovat va xalqlarning tinch-totuv yashashini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.
O‘zA