Bayram arafasida hududdagi kriminogen vaziyat o‘rganildi

98

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh. Aminov Taxtako‘pir tumanida bo‘lib, Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi hamda tumanda ijtimoiy va iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli bilan tanishdi.

Dastlab tumandagi “Kausar tegirmon” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli chorva mollari yetishtirish fermasida  chorva mollarini ko‘paytirish va parvarishlash jarayonlari, junni qayta ishlash va un ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishib, faoliyatni yanada kengaytirish borasidagi masalalarni mas’ullar ishtirokida muhokama qildi. So‘ngra “Qarateren” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tabiiy turizm ob’ektlari va milliylikni o‘zida jamlagan majmualarni qurish ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bundan tashqari, tuman dehqon bozoridagi narx-navo barqarorligi, jamoat tartibini saqlash faoliyatini o‘rganib, savdo va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni inson omilisiz amalga oshirishni joriy etish ishlarini yakuniga yetkazish, bozor hududiga kirib-chiqishni tartibga solish, savdo uchun sharoit va imkoniyatlarni  yanada yaxshilash borasida mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Shuningdek, kriminogen vaziyatidan kelib chiqib, “qizil” toifaga kirgan “A. Adilov” ovuli fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi va ovul faollari, nuroniylar bilan uchrashdi. “Yo‘l xarita”da belgilangan vazifalar ijrosi, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va sohaga oid faoliyat yuzasidan mahalla yettiligining hisobotlarini tingladi. Mahalla faollarining ishlarni samarali tashkil etish va mavjud muammolar yuzasidan bildirgan takliflari ijro uchun nazoratga olindi.

Tuman prokuraturasida xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ish yuritish tartibi, xodimlarning bilim saviyasi o‘rganildi. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yosh mutaxassislarning malakasi va kasb mahoratini oshirish, idorada ishchan muhitni yaratish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri