Toshkent katta futzal va futbol bayramiga mezbonlik qiladi

121

O‘zbekistonga Roberto Karlos, Marko Materatssi, Duglas Maykon, Frank Riberi, Klod Makelele, Kristian Zakkardo kabi jahon futbolining tirik afsonalari kelmoqda.

Mamlakatimizda O‘zbekiston futzal federatsiyasi tashkil etilganidan buyon amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, joriy etilayotgan loyihalar, yosh iqtidorlarni kashf qilish, professional sportchilar mahoratini yanada oshirish borasida ishlar natijasida aholi o‘rtasida futzalga qiziqish ortdi.

2025 yilgi mavsumning superkubok finali bilan boshlanayotganligida ham  futzalning ommaviyligini ta’minlash nazarda tutilgan.

Ertaga, 26 avgust kuni poytaxtimizdagi “Humo-arena” sport majmuasida o‘tkaziladigan futzal bo‘yicha superkubok uchrashuvi nafaqat odatdagi tadbir, balki O‘zbekistonning sport salohiyatini jahonga keng tanitishga qaratilganligidan dalolat.

Poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasi ushbu tadbir hamda futzal bo‘yicha o‘tkaziladigan 2025/2026-yilgi yangi mavsum boshlanishiga bag‘ishlab tashkil etilgan brifingda shu haqda so‘z bordi.

Superkubok ishtirokchilari BMB va “Oil-Star” jamoalari bosh murabbiylari, futzal mutaxassislari, jurnalistlar ishtirok etgan tadbir avvalida O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov yangi mavsum tadorigi, rejalar, yurtimizga kelayotgan jahon futbolining afsonalari ishtirokida tashkil etiladigan tadbirlar, aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirishda futzalning o‘rni, iste’dodli futzalchilarni tanlash, yo‘naltirish borasida qilinayotgan ishlar xususida jurnalistlarga axborot berildi.

Ta’kidlanganidek, 2025-2026 yilgi Oliy liga futzal musobaqalari 2 -7 sentyabr kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Musobaqalarda ishtirok etadigan 12 jamoaning 8 tasi xorijlik futzalchilar xizmatidan foydalanish yo‘lini tanlagani, Braziliyadan kelgan o‘yinchilar soni 21 nafarni, umumiy legionerlar 31 nafarni tashkil etayotgani O‘zbekistonda futzal jadal rivoj topayotganidan, ommalashayotganidan, raqobat kuchayib borayotganligining yorqin dalili.

Yurtimizda futzal jamoalari futbol klublari qoshida emas, alohida klub sifatida shakllantirishga e’tibor qaratilganligi natijasida bu yildan Oliy ligada sovrinli o‘rinlar uchun da’vogarlar sonini ortdi.  Zero, barcha jamoalar mavsumga katta niyatlar, maqsadlar bilan tayyorgarlik ko‘rishganligi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi hisoblarda o‘z aksini topdi.

Aytish lozim, ertaga poytaxtimizdagi “Humo arena” sport saroyida katta BMB va “Oil-Star” jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston Super kubogi finali uchrashuvi bilan bir qatorda jahon futbolining tirik afsonalari ishtirokida katta futbol bayrami uyushtiriladi.

Brifingda “Milan”ning afsonaviy darvozaboni, 2 karra UEFA chempionlar ligasi g‘olibi, jahon chempioni Dida, “Real Madrid”ning sobiq futbolchisi, 3 karra UEFA chempionlar ligasi g‘olibi Roberto Karlos, Italiya terma jamoasi safida 2006 yilgi Jahon chempionati oltin medali sohibi Marko Materatssi, shuningdek, Duglas Maykon; Frank Riberi, Klod Makelele, Kristian Zakkardo, Serjino kabi mashhur futbolchilarning O‘zbekistonga kelishi, ular ishtirokidagi tadbirlar haqida qiziqarli ma’lumotlar aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, O‘FF prezidenti B. Mamatqulov Toshkentdagi “Bunyodkor” futbol akademiyasi futbol maydonida ko‘p sonli futbol faxriylari hamda futbol muxlislari ishtirokida O‘zbekiston va jahon futboli afsonalari o‘rtasida o‘tadigan o‘rtoqlik uchrashuvi haqida to‘xtalib, mazkur futbol bayrami tadbirlari O‘zbekiston mustaqilligining 34 yillik tantanalari arafasida millionlar o‘yini ishqibozlariga ko‘tarinki kayfiyat hamda chinakam sport bayrami ruhini taqdim etishi bilan ahamiyatli ekanligini bildirdi.

T. Ro‘ziyev, A. Mamadaminov (surat) O‘zA