Sport xabarlari

162

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlari “Manchester Siti”da

Kecha O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi delegatsiya Angliyada “Manchester Siti” klubi qarorgohida bo‘lib, klub rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shuningdek, ushbu safar davomida mamlakatimiz olimpiya harakati mutaxassislari “Manchester Siti” safida faoliyat yuritayotgan milliy terma jamoamiz himoyachisi Abduqodir Husanov bilan ham suhbatlashdi.

Professional boks: Ahmadaliyev – Shexov jangi o‘tkaziladimi?

Professional boksning ikkinchi eng yengil vazn toifasida jang olib borayotgan buxorolik Muhammad Shexov Murodjon Ahmadaliyevga tegishli bo‘lgan “WBA Interim” kamariga da’vogarlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, ikkinchi eng yengil vazn toifasida “WBA vaqtinchalik kamari” sohibi iste’dodli bokschimiz Murodjon Ahmadaliyev hisoblanadi.

Shomurodov va Fayzullayev harakati necha ballga baholandi?

Kecha Konferensiyalar ligasi saralashining so‘nggi bosqichidagi “Istanbul Bashakshehir” – “Krayova” bahsida maydonga tushgan Eldor Shomurodov istanbulliklar safida 90 daqiqa harakatlangan bo‘lsa, Abbosbek Fayzullayev 77-daqiqada ilk bor maydonga tushdi.

“Sofascore” axborot tizimi mazkur uchrashuvda Eldor Shomurodovning o‘yinini 6,3, Fayzullayevning harakatini 6,7 ballga munosib ko‘rdi.

Gandbol: Hamyurtimiz qit’a chempionati 2-turining eng yaxshisi

Shu kunlarda poytaxtimizdagi “Alpomish” sport saroyida gandbol bo‘yicha yigirma yoshgacha bo‘lgan (U-20) qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilayotgan XVIII Osiyo chempionati doirasidagi Hong Kong va O‘zbekiston terma jamoalari uchrashuvining eng yaxshi o‘yinchisi nomiga hamyurtimiz Karina Aydarbekova munosib ko‘rildi va esdalik sovg‘a bilan taqdirlandi.

Chempionat 29 avgustga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA