Rossiyada 6 asrlik vulqon uyg‘ondi
Rossiyaning Kamchatka yarim orolidagi Krasheninnikov vulqoni deyarli 600 yillik sukutdan so‘ng uyg‘ondi. Kamchatka vulqon faolligi monitoring markazi (KVERT) ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bor bu tabiiy hodisa 1463 yil kuzatilgan.
RF Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kamchatka bo‘limi xabariga ko‘ra, kul ustuni 5-6 kilometr balandlikda ko‘tarilib, 75 kilometr sharqqa siljigan. Shuningdek, janubi-g‘arbiy yon bag‘ir bo‘ylab 2 700 metr uzunlikdagi lava oqimi yuzaga kelgan.

Vulqon faollashishi oldin sohil yaqinida 6,8 magnitudali zilzila yuz berdi. Mutaxassislar bu voqeani hafta boshida qayd etilgan 8,8 magnitudali kuchli yer qimirlashi bilan bog‘lamoqda. Tinch okeanidagi tektonik plitalar to‘qnashuvi nuqtasi hisoblangan mazkur hududda doimiy zilzila va sunami xavfi mavjud.
“NASA Earth Observatory” ma’lumotida Kamchatka Sharqiy vulqon hududiga kirishi, bu joydagi mavjud 300 ga yaqin vulqondan 29 tasi hamon faol ekani ta’kidlangan.

“To‘q pushti” xavf darajasi bilan belgilangan Krasheninnikov vulqoni atrofida havo qatnovi jadvalini ehtiyotkorlik bilan tuzish tavsiya qilingan. FVV manzilga yaqin borish, vulqonga chiqishni qat’iyan man etgan. Rasmiy ma’lumot hududda hozircha yong‘in yoki aholi manziliga tahdid mavjud emasligini tasdiqlaydi.
Umuman, Kamchatka yana bir bor geologik jihatdan juda faol hududligini ko‘rsatmoqda. Mutasaddi tashkilotlar vaziyat doimiy monitoring qilib borilayotganini bildirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA