“Mangu buloqlar” mavzusida konferensiya

321

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida qoraqalpoq adabiyotining ikki yetuk vakili, O‘zbekiston Qahramonlari – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Ibroyim Yusupov hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qayipbergenov tavalludining 96 yilligiga bag‘ishlangan “Mangu buloqlar” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi uyushtirildi. Unda adiblar, ijodkorlarning oila a’zolari, taniqli olimlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Gulistan Dauletova, taniqli shoira va jurnalist Gulnara Nurlepesova va boshqa so‘zga chiqqanlar qoraqalpoq adabiyotining yorqin yulduzlari Ibroyim Yusupov va To‘lepbergen Qayipbergenovning hayoti, ijodi, asarlarining o‘rganilishi, shuningdek, nafaqat qoraqalpoq adabiyoti, balki turkiy va jahon xalqlari adabiyotida tutgan o‘rni, janr-tematik xususiyatlari haqida ma’lumot berdi.

Anjumanda institutda sana munosabati bilan o‘tkazilgan bir qator tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbir iqtidorli talabalar ijrosidagi adabiy-badiiy chiqishlar  bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA