Yoshlar chempionlar bilan uchrashdi

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yoshlar qalbida sportga mehr uyg‘otish, ularda g‘alabaga intilish, Vatanga sadoqat va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida sportchilar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda yunon-rim kurashi bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi J.Berdimuratov, murabbiy R.Yernazarov, shuningdek, qilichbozlik bo‘yicha Jahon kubogi bronza medali sohibi, Osiyo kubogi g‘olibi Sh.Mamutov ishtirok etdi.

Tadbirda bugungi kunda sport nafaqat jismoniy baquvvatlik, balki irodaning chiniqishi, Vatanga sadoqat va o‘z ustida ishlashning eng yorqin ifodasi, sport fidoyilik va sabr-toqat maktabi ekani haqida so‘z yuritildi. Sportchilar o‘z tajribalari, yutuqlari va hayotiy saboqlari bilan o‘rtoqlashar ekan, har bir muvaffaqiyat ortida tinimsiz mehnat, iroda va Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbat borligini ta’kidladilar.
Bunday uchrashuvlar yosh avlodni sog‘lom hayot sari yetaklaydi, ularni ezgu maqsadlarga chorlaydi. Sportga bo‘lgan mehr va qiziqishni oshiradi, Vatanga sadoqat, irodali va fidokor bo‘lishga undaydi. Eng asosiysi, ular orzu qilishdan, ulug‘ marralarni ko‘zlashdan qo‘rqmaslik kerakligini yana bir bor isbotlaydi. Zero, bugungi sportsevarlar yoshlar ertangi kunning chempionlari, el-yurt faxridir.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.