YeI AQSHdan qurol sotib olishni qisqartiradi

Yevropa Ittifoqi davlatlari Prezident Donald Tramp ma’muriyati harakatiga javoban, Amerika qurol-yarog‘i xaridini qisqartirish va AQSHga nisbatan keskin iqtisodiy cheklov joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Politico” nashri rasmiylarga tayanib xabar bergan.
– Ko‘rib chiqilayotgan takliflar mudofaa va iqtisodiyot tizimi bilan bog‘liq aloqalarni uzish darajasidagi jiddiy cheklov, harbiy texnika va o‘q-dori yetkazib beruvchi muqobil hamkorlar topish, qat’iy javob tariflari kiritish, AQSHning kompaniyalari uchun intellektual mulk himoyasini bekor qilish va texnologiya gigantlariga qaramlikni kamaytirish kabi chora-tadbirlarni nazarda tutadi, – deb yozgan nashr.
Ko‘plab davlatlar Vashington mudofaa texnologiyasidan Ukrainaga bosim dastagi sifatida foydalanishidan xavotir bildirib, AQSHning mudofaa xarajatini oshirish talabini qondirish oson emasligini ham anglab yetgan. Natijada qudratli davlatga tobelikni kamaytirish, mavjud tizimni rivojlantirish lozim, degan xulosaga kelishdi.
Polsha hukumati Ukraina bo‘yicha maslahatchisi Pavel Koval “AQSHga nisbatan ishonch yemirilayotgani”ni aytib, ehtimol mamlakat Amerika harbiy texnikasiga endi yirik buyurtma bermasligini qo‘shimcha qilgan.
Manbalarga ko‘ra, Amerika boji joriy etilgandan so‘ng Yevropa Komissiyasi AQSHga nisbatan o‘ziga xos usuldan foydalanish masalasini ham ko‘targan. YeIning “eng kuchli” iqtisodiy quroli sifatida ta’riflanadigan mazkur vosita iqtisodiy “majburlash”ga qarshi kurashning faol chora-tadbirlari majmuidir. Ya’ni, birinchi bosqichda muzokara o‘tkaziladi, keyin to‘lov oshiriladi. So‘ngra davlat xaridi tizimidan chetlashtirish va intellektual mulk huquqi himoyasini cheklash ko‘zda tutiladi.
S.Rahimov, O‘zA