“El-yurt umidi” jamg‘armasi stependiantlariga Janubiy Kaliforniya universitetida o‘qishi uchun chegirmalar beriladi

“El-yurt umidi” jamg‘armasi mutasaddilari va AQSHning nufuzli Janubiy Kaliforniya universiteti Biznes boshqaruv va davlat boshqaruvi dasturi direktori R.Kaki hamda universitet professori A.Abrahamyan o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan maqsad o‘zaro hamkorlik aloqalarini yuqori darajaga olib chiqish, Janubiy Kaliforniya universiteti tomonidan Jamg‘arma stipendiatlariga yaratib beriladigan sharoitlar, ularning o‘qish xarajatlaridan chegirmalar olish, doktorantlikka nomzodlar uchun ilmiy rahbar topish kabi muhim masalalarni muhokama qilishdan iborat.

Uchrashuv davomida Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari v.b Javohir Ahmedov tomonidan vazirlik va idoralarning maqsadli buyurtmasi asosida davlat xizmatchilarini ushbu universitetda qisqa stajirovka dasturlarini tashkil etish bo‘yicha hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari uchun o‘qish xarajatlaridan 30 foiz chegirmalar ajratish taklif qilindi. O‘z o‘rnida mazkur takliflar R. Kaki tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, mazkur yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga kelishildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama memorandum imzolash rejalashtirildi.
Eslatma: Janubiy Kaliforniya universiteti AQSHning Kaliforniya shtatidagi xususiy tadqiqot universitetidir. Universitet o‘zining yuqori sifatli ta’limi, ilg‘or ilmiy izlanishlari va dunyoga mashhur kino, muhandislik, biznes hamda san’at yo‘nalishlari bilan tanilgan. Universitet global yetakchilarni tayyorlash, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va talabalarga keng imkoniyatlar yaratish borasida yuqori obro‘ga ega. Ta’lim maskani xalqaro QS reytingida 125-o‘rinni egallaydi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA