Sun’iy intellekt ish o‘rinlarini egallamoqda
Sun’iy intellekt butun dunyo bo‘ylab ish o‘rinlarining 40 foiziga ta’sir ko‘rsatadi va mehnat unumdorligini oshirishga yordam beradi. Bu haqda BMT tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, avtomatlashtirish ish o‘rinlarining yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Prognozlarga ko‘ra, 2033 yilga borib sun’iy intellekt bozori hajmi 4,8 trillion AQSH dollariga yetadi va u raqamli transformatsiyaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanadi.
“Biroq SI sohasidagi infratuzilma va ekspert bilimlariga ega bo‘lish bir nechta mamlakatlar qo‘lida to‘plangan. Jahon korporativ ilmiy-texnologik tadqiqot xarajatlarining 40 foizini asosan AQSH va Xitoydan bo‘lgan atigi 100 ta kompaniya ta’minlaydi. Bunday bozor ustunligi texnologik tafovutni chuqurlashtirishi va ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarni SI afzalliklaridan mahrum qilishi mumkin», deya ta’kidlaydi hisobot mualliflari.
Bildirilishicha, SI yangi iqtisodiy istiqbollarni ochadi, texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarni milliy rivojlanish strategiyalarining asosiy tarkibiy qismlariga aylantiradi.
BMT SIni samarali joriy qilish uchun mamlakatlarga uchta yo‘nalishga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi: infratuzilma, ma’lumotlar va ko‘nikma. Ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish nafaqat SI ni joriy etish, balki ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarga javob beruvchi o‘z innovatsion yechimlaringizni yaratish imkonini ham beradi.
Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA