Sambochilarimiz AQSH va Qozog‘istonda zafar quchdi

115

AQSHning Jorjiya shtati Atlanta shahrida sambo bo‘yicha o‘tkazilgan “US Open International Cup” xalqaro turnirida o‘zbekistonlik sportchilar munosib natijalarga erishdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Filippin, Ukraina, Meksika, Urugvay, Moldova va Kanada kabi mamlakatlardan 230 nafardan ortiq sambochilar qatnashgan turnirda terma jamoamiz a’zolaridan Bahodir Baqiyev jangovar sambo bahslarida -71 kilogramm og‘irlikda g‘oliblikni tantana qildi. Ushbu vaznda kumush va bronza medallari Meksika va Qirg‘iziston vakillariga nasib etdi.

Sport sambo yo‘nalishida -79 kilogrammda kurash olib borgan hamyurtimiz Muhammadnozim Shukurov 3-o‘rinni band etdi. Ushbu yo‘nalishda oltin medal Qirg‘iziston vakiliga, kumush esa ukrainalik sambochiga tegishli bo‘ldi.

Atlanta shahrida o‘tgan xalqaro turnir bellashuvlarini o‘zbekistonlik hakamlardan Farrux Niyazimbetov boshqarib bordi.

Shuningdek, o‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida yosh sambochilarimiz Qozog‘istonning Olmaota shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda ikkita oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Shiddatli kechgan bellashuvlarda terma jamoamiz a’zolaridan Nurmuhammad Abdullayev -58 kilogramm vaznda, Diyor Tursunqulov -64 kilogramm og‘irlikda barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA