Navro‘z bayram va sayllari davom etmoqda

138

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” nomli bayram sayili va teatrlashtirilgan musiqiy-xoreografik konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ziyolilar, olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, shuningdek, institut atrofidagi mahallalar aholisi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida institut rektori Quvondiq Qodirov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilar va mehmonlarni ulusning ulug‘ kuni, sharq xalqlarining yangilanish va yasharish ayyomi, ming yillardan buyon ma’naviy hayotimizning ajralmas qismiga aylangan – Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida oliy ta’lim sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, ayniqsa, so‘nggi yillarda Nukus davlat pedagogika institutining moddiy-texnik bazasini takomillashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari, shunday imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan institut talaba-yoshlarining qo‘lga kiritayotgan yutuqlari alohida e’tirof etildi.

Joriy o‘quv yilining o‘zida pedagogika institutida 2 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va 15 ta nomdor davlat stipendiyalari tanlovlari, shuningdek, 13 ta Ajiniyoz nomidagi stipendiya tanlovi g‘oliblari yetishib chiqqani, shuningdek, sport sohasida bir necha bor jahon, Osiyo birinchiliklari, O‘zbekiston chempionlari hamda adabiyot, san’at, madaniyat sohasi bo‘yicha Zulfiya nomidagi, shuningdek, “Nihol”, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotlari hamda xalqaro tanlovlar, fan olimpiadalari g‘oliblari ushbu dargohda tahsil olayotgani ko‘ngillarda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadi.

Teatrlashtirilgan konsert dasturida institutning “To‘maris” ashula va raqs xalq ansambli, “Siyperde”, “Dugonalar”, “Tarannum” va boshqa ansambllari, “Turon” teatr-studiyasi, shuningdek, bir guruh iqtidorli talabalar, institut bitiruvchilari tomonidan milliy urf-odatlar, an’analar aks etgan sahna ko‘rinishlari, qo‘shiqlar, raqslar ijro etilib, millatlararo totuvlikni tarannum etuvchi qoraqalpoqcha, o‘zbekcha, qozoqcha, turkmancha, qirg‘izcha, ruscha, shuningdek, klassik qo‘shiqlar ijro etildi.

Bayram sayli doirasida milliy sport o‘yinlari bo‘yicha bir qator musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Fakultetlarda tahsil olayotgan talabalar ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan milliy kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, qo‘l kurashi va boshqa sport turlari bo‘yicha o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Shu bilan birga, bayram munosabati bilan institut talabalarining hunarmandchilik namunalari, tasviriy san’at bo‘yicha ko‘rgazmalar, kitoblar yarmarkasi ham tashkil etildi. Talabalar turar-joyida sumalak sayli, milliy taomlar festivali tashkil etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA