O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida

840

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Joriy yilning 14 fevral kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan asosiy vazifalar ijrosini ta’minlash, shuningdek, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim olishlari uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ilm-fanni ommalashtirish maqsadida qaror qilaman:

1. Yoshlar bilan muloqotda bildirilgan taklif va tashabbuslar asosida, ularni ro‘yobga chiqarish maqsadida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan 2025 yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari bilan birgalikda ikki oy muddatda kreativ industriya parkini (keyingi o‘rinlarda – kreativ park), hududlarda uning filiallarini hamda ularda kreativ soha vakillarini o‘qitadigan biznes maktablar faoliyatini tashkil etish hamda zarur sharoit yaratish choralarini ko‘rsin.

Kreativ park faoliyatini boshqarish Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan Kreativ industriya parklari direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining kreativ park rezidentlariga 2025 yil 1 maydan boshlab 2031 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatga quyidagi soliq imtiyozlarini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

a) ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 50 foiz kamaytirilgan stavkada to‘lash;

b) rezidentlarni tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qat’i nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar toifasiga kiritish. Bunda rezidentlar o‘z istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishlari mumkin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Kreativ industriya sub’ektlarini kreativ park rezidentligiga qabul qilish hamda tegishli rezidentlarga mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyozlarni qo‘llash shartlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.

4. Belgilansinki, xorijiy tillar bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga ikki yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan olti oylik imtiyozli davr bilan uch yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.

Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan ssudani ajratish tartibini hamda olis va borish qiyin bo‘lgan hududlar ro‘yxatini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. 2025 yildan boshlab “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etilsin:

a) har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;

b) saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish;

v) tayyorgarlik kurslaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yoshlarni nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishga yuborish, o‘qish va yashash xarajatlarini qoplab berish. Bunda tayyorgarlik kurslarida o‘qitish xarajatlari “El-yurt umidi” jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan qoplab beriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi “El-yurt umidi” jamg‘armasining tegishli hisob-kitoblariga asosan joriy yilda “Yorqin iste’dod” loyihasi uchun 300 milliard so‘m ajratsin, kelgusi yillardan mazkur maqsadlar uchun mablag‘larni byudjet parametrlarida nazarda tutsin.

6.  Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari
va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi;

b) 2025 yil 1 iyundan boshlab:

i) nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi;

ii) nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Yoshlar ishlari agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu bandning to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan foizsiz ssudani ajratish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda foizsiz ssudani ajratish bo‘yicha arizalarni qabul qilish va ko‘rib chiqish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

7. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab:

a) O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalarining namunali kursantlari (talabalari) va tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.

Mudofaa vazirligi tasarrufida oliy harbiy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasini tayinlash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik-ixtirochilik yo‘nalishida olimpiadalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi va g‘olib bo‘lgan bitiruvchi yoshlar davlat oliy ta’lim muassasalarining olimpiada yo‘nalishiga mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga imtihonlarsiz qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu olimpiadani tashkil etish hamda uning g‘oliblari qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadigan oliy ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatini nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Belgilansinki:

a) Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega va umummilliy qadriyatlarni shakllantiruvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million so‘mgachagrantлaр ajratiladi;

b) yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uyg‘otish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Yashil tashabbuslar”ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi. Bunda “Yashil tashabbuslar”ni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi quyidagi manbalar hisobidan 10 milliard so‘mgacha  miqdorda shakllantiriladi:

i) Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;

ii) xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘lari;

iii) jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

iv) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

9. Belgilansinki, Yoshlar ishlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari balansidagi bino va inshootlarni ularda yoshlarni sport, ilm-fan, xorijiy tillar hamda kasblarga o‘qitish, kreativ loyihalarni amalga oshirish va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun ijaraga berishdan tushadigan mablag‘lar tegishli bino va inshootning balansda saqlovchisiga to‘liq miqdorda (bundan auksion xarajatlari mustasno) o‘tkaziladi hamda uning faoliyatini rivojlantirish maqsadlariga yo‘naltiriladi.

10. Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda ilm-fan va ta’lim yo‘nalishidagi foydali milliy internet resurslari reyestrini shakllantirsin, Raqamli texnologiyalar vazirligi ulardan bepul internet tarmog‘i orqali foydalanishni yo‘lga qo‘ysin.

11. Toshkent shahri hokimligi 2025 yil 1 oktyabrga qadar mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan Toshkent shahrida Robototexnika markazini barpo etish va zarur jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

12. Madaniyat vazirligi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda Yoshlar eksperimental teatr studiyasini tashkil etish va uni zarur jihozlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

13. Samarqand viloyati hokimligi Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2026 yilda Samarqand shahrida xalqaro “Texnofest” festivali doirasidagi “Take Off” startap sammitini yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rsin.

14. Mazkur farmon ijrosi bo‘yicha mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

 

     O‘zbekiston Respublikasi 

               Prezidenti                                                                                                 Sh.MIRZIYOEV

 

Toshkent shahri,

2025 yil 26 mart