Xalqaro voleybol federatsiyasi delegatsiyasi Toshkentda

184

Shu kunlarda Xalqaro voleybol federatsiyasi mutaxassisi Yordon Zixchev boshchiligidagi delegatsiya joriy yilning 24 iyul – 4 avgust kunlari mamlakatimizda 19 yoshgacha bo‘lgan erkaklar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga tayyorgarlik holatini o‘rganish maqsadida yurtimizda mehmon bo‘lib turibdi.

Sport vazirligida Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) mutaxassisi Yordon Zixchev boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston voleybol federatsiyasi mutasaddilari, mutaxassislari bilan jahon chempionatiga tayyorgarlikning borishi masalasida uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida jahon chempionatini tashkillashtirish bilan bog‘liq ishlar muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida Yordon Zixchev jahon chempionatining texnik jihatlari, musobaqalarni o‘tkazish, ishtirokchi jamoalarni kutib olish borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Tadbir jarayonida jahon chempionatini tashkil etish yuzasidan nazariy seminar bo‘lib o‘tdi.

Chempionat musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi va ikki kun davomida jahon chempionati o‘tkaziladigan sport inshootlari, mehmonxonalar va boshqa majmualar ko‘zdan kechirilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda voleybol bo‘yicha erkaklar terma jamoalari ishtirokida U19 yosh toifasida o‘tadigan jahon chempionatida 24 ta milliy terma jamoa ishtirok etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA