Kurash: Buxoroda “Imom al-Buxoriy” xotira turniri o‘tkaziladi

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA)ning Toshkentdagi shtab-kvartirasida Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Imom al-Buxoriy” xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnirni tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Muhokamalar jarayonida ishtirok etgan IKA vitse-prezidenti, Osiyo kurash konfederatsiyasi rahbari Komil Ro‘ziyev, IKA administratsiyasi rahbari Mansur Mirzayev, Osiyo kurash konfederatsiyasi bosh kotibi Farrux Saidqulov, IKA matbuot kotibi Jamshid Namozov va boshqalar turnirning tashkiliy jihatlari bilan bog‘liq masalalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirishdi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 12-16 may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur nufuzli turnir Buxoro viloyati hokimligi tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Musobaqalarda dunyoning barcha mamlakatlarida kurash bilan shug‘ullanayotgan erkaklar va ayollar ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Bellashuvlar 16 ta vazn toifasida bo‘lib o‘tadi.

Kurashchilar “Imom al-Buxoriy” xotira turnirida erishgan natijalari orqali “World Series Pro” xalqaro turniri uchun muhim reyting ochkolarni jamg‘arishga muvaffaq bo‘lishadi.
Milliy sportimiz kurashning xalqaro maydonda yanada ommalashishiga va rivojlanishiga xizmat qiladigan mazkur turnir orqali qadriyatlarimiz qadrlanadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA