Toshkent tatamisida dunyo dzyudosining yangi bo‘lajak yulduzlari kashf etildi

306

Dunyo dzyudo ishqibozlari nigohini Toshkentga qaratgan “Katta dubulg‘a” turkumidagi “OTP Group Tashkent Grand Slam” turniri yakunlandi.

Betakror dzyudo usullariga boy kechgan turnir sarhisobiga ko‘ra, nufuzli musobaqa medallariga Osiyo, Yevropa va Amerika qit’asining 13 ta davlat vakillari ega chiqdi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari erkaklar va ayollar toifasida umumiy 12 ta medalga sazovor bo‘lishdi. Shundan 1 tasi oltin, 3 tasi kumush, 8 ta bronza.

Xalqaro turnirning so‘nggi kunida hamyurtlarimiz 1 ta oltin va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani muxlislarga bir olam zavq bag‘ishladi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Shahzodxo‘ja Sharipov -90 kilo og‘irlikda o‘tgan saralash musobaqalarida Yevropa chempioni, Xalqaro dzyudo federatsiyasi reytingida 6-o‘rinda borayotgan serbiyalik Nemanya Maydovni, xitoylik yosh dzyudochi Szyatsze Pesnyani tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ydi. Yarim final ostonasida Nurbek Murtazoyevni yengib, finalda Komey Kavabata bilan kurash olib bordi.

Shiddatli kechgan bellashuvda umidli sportchimiz dzyudo vatani vakilidan murakkab vaziyatda ustun kelishga erishdi va O‘zbekiston uchun “OTP Group Tashkent Grand Slam” turnirining yagona oltin medalini olib berdi.

O‘z navbatida Sharipovga yo‘l bergan yana bir dzyudochimiz Nurbek Murtazoyev bronza uchun bahsda Yegor Malkin (IJF)ni mag‘lub etib, shohsupaning 3-pog‘onasidan joy olishga muvaffaq bo‘ldi.

Bellashuvlarda -100 kg vaznda Ernazar Sarsenbayev, +100 kilogrammda Alisher Yusupov bronza medallarini o‘ziniki qildi.

Toshkent tatamisida o‘ziga xos sport jozibasini namoyish etgan bellashuvlar dunyo dzyudosiga ko‘plab yosh yulduzlarni kashf etib bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

To‘lqin Ro‘ziyev,

Alimurod Mamadaminov (surat)

O‘zA