Britaniya Parlamenti Jamoatchilik palatasi a’zosi O‘zbekistonda kechayotgan yangilanishlarni yuksak baholadi

183

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Britaniya Parlamenti Jamoatchilik palatasi a’zoci, sobiq fan, texnologiya va innovatsiya vaziri o‘rinbosari Jorj Friman bilan muzokara o‘tkazdi.

Britaniya tomoni Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan so‘nggi yillarda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohada erishilgan yutuqlarimiz bilan tanishtirildi.

Noib diyorimizda yuz berayotgan yangilanish va o‘zgarishlarni ijobiy baholab, rasmiy London Toshkent bilan barcha jabhada aloqalarni kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

Suhbat davomida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, xususan Parlamentning yangi a’zolari bilan munosabat o‘rnatish xususida fikr almashildi.

Jorj Friman fan va innovatsiya sohasidagi o‘zaro aloqalarning muhim ahamiyatiga e’tibor qaratib, ayni yo‘nalishda yangi loyihalarni ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Uchrashuvda sun’iy intellekt, “yashil iqtisodiyot” va “aqlli” shahar yo‘nalishlarida Qirollik tajribasidan foydalanib, qo‘shma ilmiy va innovatsion loyihalarni birgalikda ilgari surish masalasi ham muhokama qilindi.

Muzokara yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirishga ahdlashildi.