Senat qo‘mitalarida qanday masalalarga e’tibor qaratilmoqda?

140

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020- 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasiga doir vazifalar ijrosi yuzasidan qishloq xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tgan 2024 yilda Strategiyaga muvofiq sohani rivojlantirish borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, qishloq xo‘jaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi 467 trillion so‘mni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 3,1 foizga o‘sgan.

Yangi mevali bog‘lar va uzumzor barpo etilib, samaradorligi past bo‘lgan bog‘ va uzumzorlar rekonstruksiya qilingan. Natijada eksport geografiyasi kengayib, 2,3 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingan.

O‘tgan yili 1,3 million gektarga yaqin sug‘oriladigan hamda 240 ming gektar lalmi maydonda boshoqli don ekinlari ekilib, jami 8,9 million tonna hosil yetishtirilgan hamda o‘rtacha hosildorlik 85,1 sentnerga yetkazilgan.

Senatorlar Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga bir qator yo‘nalishlarda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini ham aytib o‘tdi. Jumladan, mahalliy seleksiyaga mansub yangi nav va duragaylarni yetishtirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Yetishtirilayotgan kartoshka, meva-sabzavot, poliz va uzum mahsulotlarini muzlatkichli sig‘imlarda saqlash imkoniyati yetarli darajada emas.

Suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolar mavjudligi, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish ishlari yetarli darajada emasligi, eksportbop ekinlar ekish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarini elektron onlayn auksion savdolari orqali sotish ishlari sustligi ta’kidlandi.

Muhokama yakuni bo‘yicha kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha narxlar barqarorligini ta’minlash, urug‘chilikni rivojlantirish, logistika markazini tashkil qilishni jadallashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda sohaga resurs tejovchi texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

***

Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar parlamenti a’zolari o‘rtasida kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan Yoshlar parlamenti a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalar haqida fikr almashildi.

Yoshlar parlamenti a’zolari qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda, xususan,yoshlar o‘rtasida targ‘ibotini olib borishda faollik ko‘rsatishi zarurligi ta’kidlandi.

Parlament nazorati doirasida maktabgacha va maktab ta’limi, kasb-hunar ta’limi va oliy ta’lim yo‘nalishi, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi qonunlar ijrosi yuzasidan nazorat-tahlil tadbirlarida senatorlar va Yoshlar parlamenti a’zolarining kelgusidagi rejalari muhokama qilindi.

Jumladan, yoshlar bilan ishlash, yosh xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish, yoshlarga oid qonunchilik ijrosi ustidan jamoatchilik monitoringini olib borish, shuningdek, hamkorlikdagi rejalarni belgilab olish, ularni amalga oshirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA