Senat: o‘tgan yilda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari oqibatida 2,2 mingdan ziyod fuqaro halok bo‘lgan

212

2024 yilda mamlakatimizda 132 ming 298 jinoyat sodir etilgan. Jami jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 199 tadan to‘g‘ri kelgan.

Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar soni hanuzgacha jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda. Asosiy ulushini o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari tashkil etib, ularning 59,4 foizi yoshlar va 36,1 foizi ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan.

Bu Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qayd etildi.

Qo‘mita raisi Qutbiddin Burhonov boshqargan majlisda IIVning 2024 yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi borasida tegishli vazirlik va idoralar bilan olib borgan hamkorlikdagi ishlari yuzasidan axboroti eshitildi.

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev 2024 yilda respublikamizda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 92,4 foizi fosh etilganini qayd etdi. Qidiruvdagi shaxslarning 8 ming 736 nafari ushlangan va bedarak yo‘qolganlarning 567 nafari topilgan. Xodimlarning tashabbusi bilan 27 ming 953 jinoyat aniqlangan bo‘lib, mazkur amaliyot 23,4 foizga yaxshilangan.

Bundan tashqari, 3 ming 880 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan 3 ming 293 korrupsiya va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 239 milliard 584 million so‘m miqdoridagi zarar undirilishi hamda 219 nafar odam savdosi jinoyatini sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilishi ta’minlangan.

Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Natijada jami mahallalarning 30,6 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. O‘z navbatida, jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 14,3 foizi “qizil” toifaga kiritilgan.

Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 54 ming nafardan ortiq xotin-qizga himoya orderi berilgan. Oilaviy muammolar va zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlarning 625 nafari Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlariga joylashtirilgan.

Muhokamalar jarayonida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi yo‘nalishida muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan masalalar va to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, jinoyatlarning 7 mingdan ortig‘i ishsizlar tomonidan sodir etilgani, joylarda aholini ish bilan ta’minlash masalalari ham samarali hal etilmayotgani aytib o‘tildi.

Kiberxavfsizlik yo‘nalishida 58,8 ming jinoyat sodir etilgani va ularning 97,7 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liqligi tanqid ostiga oldi.

Shu bilan birga, majlisda barchamizni tashvishga solayotgan yana bir masala – yo‘l-transport hodisalarining soni yuqoriligiga ham e’tibor qaratildi.

– Avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari soni, unda jarohatlanganlar va vafot etganlar soni 2023 yilga nisbatan kamayishga erishilgan bo‘lsa-da, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat hali ham to‘liq va samarali o‘rnatilmagan, – dedi qo‘mita raisi Q.Burhonov. – Oqibatda hisobot davrida 9 ming 364 yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 8 ming 901 nafar fuqaro jarohatlangan va 2,2 mingdan ziyod fuqaro halok bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisalarining 47,1 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik hamda 22,8 foizi belgilangan tezlikka, 3,7 foizi uxlab qolishi va 3,6 foizi svetoforga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.

Respublika hududida shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashuvchi avtobuslarni nazorat qilish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus reyd tadbirlarida avtobusni mast holda boshqarish bilan bog‘liq 61 holat aniqlangan.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan qo‘mitaning aniq taklif va tavsiyalari aks ettirilgan tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorda oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar salmog‘i ortib borayotgan hududlarda haqiqiy ahvolni o‘rgangan holda vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish kerakligi belgilandi.

Kiberjinoyatlardan aksariyat fuqarolarning jabr ko‘rayotganligini inobatga olib, banklar va elektron to‘lov tizimlari operatorlari faoliyatiga maxsus dasturiy ta’minotlar (antifrod kabi) joriy etish, zamonaviy tahdidlar, bank kartalari bilan, shu jumladan, elektron to‘lov tizimlari orqali noqonuniy operatsiyalarning oldini olish bo‘yicha maxsus tezkor-texnik tadbirlar o‘tkazilishini kuchaytirish kabi vazifalar belgilandi.

Norgul Abduraimova, O‘zA