O‘zbekiston va Xitoy: neft-gaz sohasidagi hamkorlik mustahkamlanmoqda
Bugun “Asia Trans Gas” mas’uliyati cheklangan jamiyati (MCHJ) qo‘shma korxonasi ta’sischilari – “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning “Trans-Asia Gas Pipeline Co. Ltd” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar “Asia Trans Gas” MCHJ qo‘shma korxonasi faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikning amaliy ifodasi ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida qo‘shma korxonaning so‘nggi yillardagi faoliyati, erishilgan natijalar va joriy yildagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.
“Trans-Asia Gas Pipeline Co. Ltd” kompaniyasi boshqaruvi raisi qo‘shma korxona ishini yanada samarali tashkil etish, 2025 yilda xarajatlarni tejash va biznes rejani qayta ko‘rib chiqish yuzasidan taklif bildirdi. Mazkur taklif jamiyat rahbariyati tomonidan ma’qullandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha ta’sischilar bayoni tasdiqlanishi va unda qo‘shma korxona oldida turgan aniq vazifalar belgilanishiga kelishib olindi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, tomonlar kelgusida hamkorlikdagi loyihalarni tahlil qilish va rivojlantirish maqsadida Xitoyning neft-gaz sohasidagi yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muloqotlarni davom ettiradi.
N. Ziyodullayeva, O‘zA