Chempionlikka havasmand yoshlar

FOTOREPORTAJ
Keyingi yillarda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasi mamlakatimiz sportchilari xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Ular qatorida nukuslik xalqaro darajadagi sport ustasi, qator musobaqalar g‘olibi, Parijda o‘tkazilgan Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Shahzoda Ibrohimova ham bor.
Bolaligidan badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan Shahzoda tajribali murabbiy Nigora Polvonovadan ushbu sport sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgandi. Sportchi badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan Qoraqalpog‘iston hamda O‘zbekiston birinchiliklarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, mamlakatimiz terma jamoasiga qabul qilingan. 2021 yilda Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan Islom birdamlik o‘yinlarida terma jamoa tarkibida bitta oltin, ikkita kumush, Tailandning Pattayya shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida ikkita oltin, bitta kumush, Toshkent shahrida o‘tkazilgan jahon chempionatida bitta kumush va bitta oltin medallarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
Respublikamizning chekka hududlarida badiiy gimnastika sportini rivojlantirish maqsadida Shahzoda tahsil olgan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali tashabbusi bilan Nukus tumanida joylashgan 19-umumta’lim maktabida “Shahzoda Ibrohimova sport mahorati to‘garagi” tashkil etildi.
– Ta’lim maskanimizda 750 nafar o‘quvchi tahsil oladi, – deydi 19-umumta’lim maktabi direktori Qurbonoy Qidirniyozova. – Bugun maktabimiz jamoasi va badiiy gimnastikaga qiziquvchi o‘quvchilarning quvonchi cheksiz. Endilikda o‘quvchilar to‘garakda nafis sport turi bilan muntazam shug‘ullanish imkoniga ega. Kelajakda bu yerdan Shahzoda singari ko‘plab chempion qizlar yetishib chiqadi, degan umiddamiz.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA








