Toshkent yana dunyoning eng kuchli dzyudochilarini chorlamoqda

Joriy yilning 28 fevral-2 mart kunlari Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida dunyoning eng kuchli dzyudochilari “Katta dubulg‘a“ turkumidagi nufuzli turnirda g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatga ko‘ra, dunyoning 4 qit’asi 23 davlatidan jami 246 nafar dzyudochining ishtiroki rasman tasdiqlangan. Shundan 117 nafari erkak, 129 nafari dzyudochi xotin-qizlar. Dzyudo vatani Yaponiya terma jamoasining 16 nafar sportchisi Toshkent tatamilarida medallar uchun bahslarga kirishadi.

Mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat turnirning umumiy ro‘yxatiga e’tibor qaratsak, eng ko‘p ishtirokchi O‘zbekiston terma jamoasiga tegishli – 56 nafar. Undan keyingi o‘rinlardan Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida ishtirok etadigan Rossiya(32), keyingi pog‘onalardan Xitoy(21), Qozog‘iston(19), Tojikiston(17), Yaponiya(16), Fransiya(14), Braziliya(11) kabi davlat terma jamoalari joy olgan.

O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilov nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoamiz a’zolari bilan uchrashdi.
Tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida Bokudagi “Katta dubulg‘a“ turnirida kattagina tarkib bilan qatnashgan terma jamoamiz kerakli natijalarga erisha olmagani, katta turnirlarda har bir dzyudochi o‘z imkoniyatidan maksimal darajada foydalanishi kerakligi aytildi.

Terma jamoa murabbiylari yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ustida ishlash, “Katta dubulg‘a“ darajasidagi musobaqalar har bir yosh dzyudochi uchun xalqaro tajriba to‘plashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Darhaqiqat, poytaxtimizda o‘tadigan bellashuvlar yurtimiz sportchilari uchun, ayniqsa, yoshlar uchun katta imkoniyat maydonidir.

Yana 4 kundan keyin boshlanadigan “Katta dubulg‘a“ turnirida Vatanimiz sharafini qaysi mahoratli sportchilarimiz himoya qilishiga e’tibor qaratsak, tajribali dzyudochilarimizdan Alisher Yusupov, Shahram Ahadov, Obidxon Nu’monov kabi nomdorlar bilan birga ko‘plab yosh va umidli dzyudochilar qatorida milliy sportimiz kurash bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi, dzyudo bo‘yicha 2017 yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati kumush medal sohibi Artyom Shturbabin o‘z omadini yana dzyudo bellashuvlarida sinab ko‘radi.

Muzaffarbek To‘raboyev, Diyora Keldiyorova, Davlat Bobonov singari tajribali dzyudochilarimiz “Yunusobod”da kechadigan bahslarni tomoshabinlar safida kuzatib boradi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA