Germaniyada muddatidan oldin parlament saylovi o‘tkazilmoqda

180

Bugun, 23 fevral kuni Germaniyada muddatidan oldin parlament saylovi bo‘lib o‘tmoqda. “Deutsche Welle” media kompaniyasi xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da ish boshlagan ovoz berish uchastkalari 18:00 ga qadar ochiq bo‘ladi. Shundan so‘ng darhol dastlabki ekzitpol natijalari e’lon qilinishi kutilyapti.

Bundestag saylovida 29 partiya ishtirok etmoqda. Ovoz berish huquqiga ega saylovchilar taxminan 59,2 million kishi.

Parlamentdagi 630 o‘rin uchun jami 4 506 nomzod kurash olib bormoqda. Mamlakat bo‘ylab 90 mingdan ziyod saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

“Euronews” nashri xabariga ko‘ra, uch yildan ziyod muxolifatda bo‘lgan Xristian-demokratlar va Xristian-ijtimoiy ittifoq koalitsiyasi hokimiyatga qaytish uchun yaxshi imkoniyatga ega.

“Germaniya uchun muqobil” partiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar ham keskin ko‘paygan. Qoidaga binoan, parlamentga kirish uchun partiyalar avvalgidek 5 foizlik to‘siqni yengib o‘tishi kerak. Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi rahbariyati mamlakatning amaldagi yetakchisi Olaf Sholsni hukumat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatgan.

Kanslerlikka “Yashillar” vakili Robert Xabek, Xristian-demokrat Fridrix Mers va “Germaniya uchun muqobil” guruhidan Alis Vaydel ham da’vogar.

So‘rov natijasiga ko‘ra, saylovda Xristian-demokratlar va Xristian-ijtimoiy ittifoq a’zolari birgalikda favorit sifatida e’tirof etilgan. Ularning reytingi 29,5 foiz. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi 21 foiz bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Shols rahbarligidagi sotsial-demokratlar 15 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinda. “Yashillar”ning reytingi  12,5 foiz.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA