Sport sohasidagi topshiriqlar ijrosi muhokama qilindi

Poytaxtimizda joylashgan Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, MOQ raisi Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov raisligida o‘tdi. Unda Sport vazirligi rahbariyati va MOQ mas’ullari ishtirok etdi. Tadbirda olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha fikr almashildi.

Sportimiz mutasaddilari davlatimiz rahbari tomonidan belgilangan vazifalarni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlikda ishlash, “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish, kadrlarning malakasini oshirish, seleksiya yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratish lozimligini bildirdi.

Shuningdek, har bir terma jamoaning yangi Olimpiya sikli uchun ishlab chiqqan rejalarini yanada takomillashtirish, hududlardagi sport infratuzilmasini yaxshilash bu boradagi muhim qadamlardan ekani ta’kidlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA