Haj-2025 mavsumi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi (+video)

412

Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’aning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan haj va umra safari yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida ta’kidlanib, xorijlik yuqori maratbali mulozim yurtimizda bu borada yo‘lga qo‘yilgan tashkiliy ishlar, jarayonning huquqiy asosi, raqamlashtirish tizimini, ayniqsa o‘zbekistonlik ziyoratchilarning tartib-intizomini yuqori baholadi.

Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a Yangi O‘zbekistondagi mislsiz ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etish barobarida, zaminimizdan yetishib chiqqan islom ulamolari, dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali ibn Sino kabi buyuk mutafakkirlar, ilm-fan namoyandalari qoldirgan ma’naviy meros haqida hayajon bilan so‘zladi. Zero, ulug‘ ajdodlarimiz hayoti va faoliyati xalqimiz qalbida vatanga muhabbat, millatga sadoqat, dinga ixlos tuyg‘ularini tarbiyalaydi.

– Davlatlarimiz yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan o‘zaro do‘stona va faol sa’y-harakat, intilish va oliy darajadagi muzokaralar ikki xalq azaliy do‘stligini, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yangi bochqichga olib chiqdi, – deydi Saudiya Haj va Umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Ar-Rabi’a. – Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-ma’rifiy va turizm sohalaridagi o‘zaro manfaatli aloqalar ko‘lami jadal kengaymoqda. Shuni alohida urg‘ulashni istardimki, O‘zbekistonning mehmondo‘st xalqi, muqaddas va tarixiy qadamjolari doim sayohatchilarni rom etgan. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Saudiya Arabistoni bilan diniy-ma’rifiy, tarixiy-madaniy yo‘nalishda munosabatni yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatga, salohiyatga ega.

Ma’lumki, hamyurtlarimiz Makka Al-Mukarrama va Madinai Munavvaraga borayotgan ziyoratchilarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois vazir Umrada xizmat taqdim etadigan shirkatlar faoliyatini yaxshilash, fuqarolarimiz ibodatni uzluksiz va xotirjam ado etishni kafolatlash asosiy maqsad ekanini ta’kidladi.

Joriy yil respublikamizga Haj ziyorati uchun 15 000 o‘rin ajratilgan. Umra kvotasi esa erkin, ya’ni bunday ziyorat uchun xohlovchilar muayyan shart asosida tashrif buyurishi mumkin.

Masalan, anjumanda 2024 yil qariyb 461 500 nafar hamyurtimiz Umra amalini ado etgani, O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilar soni bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida 10-o‘rinni egallagani qayd etildi.

Ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasi ma’lum qilishicha, mazkur ko‘rsatkich 2023 yil bilan solishtirilganda 10 foiz kamaygan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoda eng yuqori. Tahlillarga qaraganda, o‘zbekistonlik umrachilar soni mamlakatda yashovchi musulmonlarning 1,4 foizini tashkil etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil ham O‘zbekiston uchun umumiy Haj kvotasi 15 000 edi.

Muharrama Pirmatova,

Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA