OANA Bosh assambleyasi Sankt-Peterburgda o‘tadi

238

TASS Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari axborot agentliklari tashkiloti (OANA) 19-Bosh assambleyasini o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi. Tuzilma Ijroiya qo‘mitasining Kuala-Lumpurdagi yig‘ilishida mazkur anjumanni 2025 yil iyun oyida Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahrida uyushtirish bo‘yicha bir ovozdan qaror qabul qilindi.

OANA Bosh kotibi Zamon Rizaxoniy o‘z nutqida TASSning jahon axborot hamjamiyatidagi yuksak obro‘-e’tiborini yana bir bor e’tirof etgan.

TASS Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Mixail Gusman Bosh assambleya doirasida ishtirokchilar yalpi majlislarda ishtirok etishi, yetakchi rossiyalik siyosatchilar, jamoat arboblari bilan uchrashishi, shuningdek Sankt-Peterburg bilan yaqindan tanishishi mumkinligini bildirdi.

1961 yil YUNESKO tashabbusi bilan tashkil etilgan, ayni kunda 35 mamlakatning 40 dan ziyod axborot agentligini birlashtirgan OANA ko‘p qutbli media makoni va global voqealarga muqobil nuqtai nazarni shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Dunyo axborot oqimining uchdan ikki qismi mazkur tuzilmaga qo‘shilgan mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Aziza Alimova, O‘zA