Sifatsiz mahsulotlar yo‘q qilindi

Ommaviy axborot vositalari orqali pirotexnika buyumlaridan foydalanganlik salbiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganligi haqidagi xabarlar takror aytilmoqda.
Shunga qaramasdan, chet elda ishlab chiqarilgan, sifatsiz pirotexnika buyumlarini chegara orqali olib o‘tish holatlari uchrab turibdi. Shu kabi mahsulotlar Majburiy ijro byurosi organlari xodimlari tomonidan yo‘q qilinishiga erishilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Nukus shahar bo‘limi ish yurituvida mavjud bo‘lgan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan jami 101 ta pirotexnika buyumlari yo‘q qilish belgilangan edi. Ushbu sud qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va Nukus shahar bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida yo‘q qilinishi belgilangan ushbu buyumlar tegishli idoralar xodimlari ishtirokida yo‘q qilindi.
Bundan tashqari shu kunning o‘zida davlatimiz chegarasiga noqonuniy ravishda olib kirilgan, inson sog‘ligiga zararli bo‘lgan 52 litr spirt, chet elda ishlab chiqarilgan 81 ta alkogol mahsuloti, 91 ta elektron sigaret hamda 89 ta hujjati bo‘lmagan dori vositasi ham yo‘q qilindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri