Qahva nega qimmatlashmoqda?

Qahva butun dunyoda qimmatlashmoqda, chunki talab taklif bilan muvozanatli emas. Aniqrog‘i, odamlar qahvani tobora ko‘p iste’mol qilmoqda.
Ekspertlar fikricha, ushbu mahsulot tarixan eng yuqori narx darajasiga chiqdi va buning bir necha sababi bor. Asosiysi, jahon bo‘ylab qahva iste’moli bir necha yildan buyon muntazam ortmoqda, ishlab chiqarish miqdori esa o‘sha-o‘sha.
Qiymat oshishi bir vaqtda yuzaga kelgan turli omillar natijasidir. Birinchidan, iqlim o‘zgaryapti: Arabika navini dunyoda eng ko‘p ishlab chiqaruvchi, qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan Braziliyada hosildorlik pasaygan. Ikkinchi yirik yetkazib beruvchi – Kolumbiyada ham noqulay ob-havo sharoiti xom ashyoni keskin kamaytirdi.
Ikkinchidan, arzonroq nav – robustaning koni hisoblangan Vetnamdan eksport qisqarishi kuzatilyapti, chunki bu davlat ham qurg‘oqchilik bilan kurashyapti. Qo‘shimchasiga, qahvani juda ko‘p iste’mol qila boshlagan Osiyo mamlakatlari talabi keskin o‘sgan.
AQSH Qishloq xo‘jaligi departamenti ma’lumotida Braziliya ob-havo yomon kelgani sabab, bu yil taxminan 5 foiz yoki 3,5 million qop kam hosil bergan.
Janubiy Amerikaning eng yirik portlarida zarur infratuzilma yo‘qligi, konteynerlar yetishmasligi yuk tashish jarayonini kechiktirmoqda. Qizil dengizda davom etayotgan geosiyosiy mojaro ham global yetkazib berish zanjiriga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
So‘nggi payt ayrim ishlab chiqaruvchilar xaridor jalb qilish, sotuv hajmini oshirish maqsadida past narx taklif qilib, eski shartnomalar qoldig‘idan xalos bo‘lishga harakat qilmoqda. Ko‘pchilik xom ashyo bahosi tez orada ko‘tarilishi, bu o‘zgarish narxga ta’sir qilishini biladi. “Bu foyda marjasini saqlab qolish va yangi bozor sharoitiga moslashish imkonini beradigan strategik harakat”, deydi ekspertlar. Tabiyki, kompaniyalar vaqtida va ongli ravishda xarid qilish va narx qo‘yish uchun bozordagi o‘zgarishni diqqat bilan kuzatib borishiga to‘g‘ri kelyapti.
Masalan, o‘tgan hafta birjada Arabika navining bir tonnasi 7500 dollardan oshdi. Umuman, bu qahva jahon bozorida o‘tgan yil apreldan sentyabrgacha muntazam qimmatlashib, tonnasi 6 000 dollarga ko‘tarildi. Noyabr oyida esa narx qariyb 30 foiz, dekabr boshida yana 8 foiz oshdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mazkur navning global qiymati yaqin ikki-uch yil ichida tushmaydi va bu holat umumiy bozorga ham ta’sir qiladi.
Darhaqiqat, Arabika yangi rekordlar o‘rnatishda davom etmoqda: yanvar oxirida ilk bor bir tonna uchun 8 000 dollar taklif qilindi, 3 fevralda esa bu raqam 8 500 ga chiqdi.
– Arabika narxining yuqori darajasi kamida ikki-uch yil saqlanib qolishi ehtimoldan xoli emas, – deydi qahvashunoslar. – Demak, jahon iste’molida Robusta ulushi oshadi. Bu tendensiya iste’molchilarning muayyan qismi qahvadan choyga o‘tishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kutilayotgan narx o‘sishi talabgorlar xohish-istagini o‘zgarishi ehtimoli mavjud. Ommaviy qahva segmentida talab pasayishi ba’zilarni muqobil yo‘llarni izlash, jumladan choy yoki arzonroq kofe navini tanlashga majbur qilishi mumkin. Yana bir taxmin bor: yetkazib berish tizimi diversifikatsiya qilinadi yoki yangi xom ashyo manbalarini topishga qiziqish kuchayadi. Bunday sharoitda Osiyo va Afrika qahva ishlab chiqaruvchilarining roli oshadi.
S.Rahimov,
O‘zA